Ronaldu “Oltin to‘p” tarixidagi eng yaxshi sovrin egasi deb topilganiga munosabat bildirdi
Portugaliya terma jamoasi va “Al-Nasr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2008-yilda qo‘lga kiritgan “Oltin to‘p”i muxlislar ovoziga ko‘ra, mukofot tarixidagi eng yaxshisi deb topilganidan so‘ng o‘z munosabatini bildirdi.
41 yoshli futbolchi 18 yil avval qo‘lga kiritgan sovrini bilan tushgan suratini ijtimoiy tarmoqqa joylab, butun dunyodagi muxlislariga minnatdorchilik bildirgan.
“Futbol muxlislarga tegishli! Butun dunyodagi barcha muxlislarga rahmat! Barcha davrlarning eng yaxshi ‘Oltin to‘pi’ sizlarga ham tegishli”, — deb yozgan Ronaldu.
Ma’lumot uchun, ovoz berishda kamida ikki marta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan futbolchilarning sovrinlari ishtirok etgan. Ovoz berish uchun 1 yevro to‘lov talab qilingan. Ronaldu faoliyati davomida besh marta “Oltin to‘p” sohibiga aylangan. Bu borada rekord sakkizta sovringa ega Lionel Messiga tegishli.