Kamavingaga hujum qilgan “Barselona” muxlisi topildi
Ispaniya politsiyasi “Barselona” va “Real Madrid” o‘rtasidagi El-Klasiko vaqtida madridliklar yarim himoyachisi Eduardo Kamavingaga hujum qilgan muxlisning shaxsini aniqladi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Real Madrid” futbolchilari ikkinchi golni nishonlayotgan vaqtda “Barselona” muxlisi bayroq dastasi bilan Kamavinga hamda uning yonidagi futbolchilarga bir necha bor zarba bergan. La Liga ushbu voqea yuzasidan politsiyaga shikoyat qilgan.
Kataloniya politsiyasi “Barselona” klubi xavfsizlik xizmati ko‘magida qoidabuzarning shaxsini aniqlagan va unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atgan. Muxlisga 3 mingdan 60 ming yevrogacha jarima solinishi, shuningdek, 2 yildan 5 yilgacha stadionlarga kirish taqiqlanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, ushbu muxlis “Barselona”ning “Grada 1957” fanatlar guruhi a’zosi hisoblanadi. Uning harakatlari klubning intizomiy komissiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqiladi. El-Klasikoda “Real Madrid” safarda “Barselona”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan.