Olimpiada chempioni Kosey Inoue ishtirokida mahorat saboqlari boshlandi
Olimpiada chempioni Kosey Inoue ishtirokida mahorat saboqlari boshlandi
Bugundan Sidney-2000 Olimpiadasi chempioni, uch karra jahon (1999, 2001, 2003) chempioni, ikki bor Osiyo o‘yinlari g‘olibi (1998, 2002) Kosey Inouening yosh dzyudochilar uchun master klass, ya’ni mahorat saboqlari boshlandi.
Uch kun davomida yapon dzyudosining taniqli vakili o‘zining yillar davomida orttirgan boy tajribasini yoshlarga ulashadi. Ushbu xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida o‘nga yaqin davlatdan kelgan o‘smir dzyudochilar ishtirok etyapti. Dzyudo vatani vakili bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar yoshlarning faoliyati uchun har tomonlama foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Kosey professional sportchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rgan. Bir necha yil Yaponiya erkaklar terma jamoasini muvaffaqiyatli boshqargan. Hozirda u Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Sport direktori lavozimida ishlayapti.
Ishtirokchilar uchun bu uch kun oddiy mashg‘ulot emas. Bu Olimpiya chempioni tajribasini o‘rganish, texnikani takomillashtirish va keyingi bellashuvlarda qo‘llash uchun bilim olish imkoni. Chunki o`z ishini ustasining har bir to‘g‘ri maslahati dzyudoni boshqacha ko‘rishga olib keladi.