Sergey Lushan: \"Uchrashuv qiyin va asabiy ruhda kechdi\"
O‘zbekiston Superligasining 9-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Xorazm” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
"Uchrashuv qiyin va asabiy ruhda kechdi. Ammo yakun biz uchun ijobiy bo‘ldi. Raqib bizga qandaydir jumboq bo‘ldi, deya olmayman. Muammo doimgidek vaziyatlardan foydalana olmaslikda. Birinchi bo‘limda ikkita, ikkinchi bo‘limda uchta yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi. Ularni esa golga aylantirish kerak. Barcha muammo shunda. Ko‘rinishidan barchasini to‘g‘ri qilishmoqda, shu sababli, o‘yin asabiy kechmoqda. Oldin gol ura olishmaydi, Himoyadagilar asabiylashishni boshlashadi. Keyin esa o‘yin buziladi.
Uchrashuv natijasi adolatli bo‘ldi. Yigitlar sabrli. Oxirigacha ochilmaydigan bunday jamoalar bilan o‘ynash qiyin. Ularni ochish qiyin, ammo gol urish kerak, hammasi shunga qarab ketmoqda. Bo‘sh darvozaga to‘p kirita olmaslik nimani anglatadi? O‘sha o‘yinchida mahorat yo‘qliginimi? Yo‘q, axir u eng yaxshi to‘purar. Faqatgina aniq zarba bera olmadi.
Bunday jamoalarga qarshi o‘ynash qiyin, ular o‘zlari ham o‘ynashmaydi, raqibga ham o‘ynashga imkoniyat berishmaydi. Mehmonlarda vaziyat bo‘ldimi? Birorta ham bo‘lmadi.
Biz doim tekis joyda keraksiz gollarni o‘tkazyapmiz. Agar raqib bosim qilganida ham savollar bo‘lmasdi. O‘zlariga-o‘zlari olib kelishdi, ammo bugun ozmi-ko‘pmi mudofaada qat’iy o‘ynashdi",-deydi mutaxassis.