locale OZ

«Rahbariyatdan iste’fomni qabul qilishlarini so‘rayman» — Andrey Shipilov

Omadsiz ishtirokning girdobiga tushib qolgan «Qo‘qon-1912» ushbu turda ham mag‘lubiyatli seriyasini davom ettirdi.
«Rahbariyatdan iste’fomni qabul qilishlarini so‘rayman» — Andrey Shipilov
photo: Qo'qon-1912
O‘zbekiston Superligasi
03.08.2026, Yak.
Qo'qon-1912
0
Surxon
1

Omadsiz ishtirokning girdobiga tushib qolgan «Qo‘qon-1912» ushbu turda ham mag‘lubiyatli seriyasini davom ettirdi. O‘z uyida «Surxon»ni qabul qildi. G‘alaba mezbonlarga juda zarur bo‘lgan bir vaziyatda 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Qo‘qonliklar ustozi Andrey Shipilov esa matbuot anjumanida rahbariyatdan iste’fo so‘raganini aytdi.

- Bunday validolli o‘yindan keyin so‘z topish juda og‘ir. Yigitlarga bu uchrashuvning naqadar muhim ekanini ko‘p bor aytdim. Tanaffusdan keyin mavsumning ikkinchi qismini yaxshi boshlay olmadik — ketma-ket uchta mag‘lubiyatga uchragandik, bugun esa to‘rtinchisi qayd etildi.

O‘yinda imkoniyatlar yetarlicha bo‘ldi. Hammasi bitta xatoning bahosiga borib taqaldi. Tanaffusda hisob 0:0 bo‘lib turganida ham yigitlarga: «Bolalar, bitta xatoning bahosi juda qimmatga tushadi», deb yana bir bor ta’kidladim. Ammo ular kutdi, kutdi, yana kutdi. Nega biz faqat gol o‘tkazib yuborganimizdan keyingina faol va shiddatli o‘ynay boshlaymiz? Shuni tushuna olmayapman.

Ikkinchi bo‘limni o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Hech bo‘lmaganda bitta emas, ikkita gol urish uchun ham imkoniyatlarimiz yetarli edi. Barcha almashtirishlarni hujumni kuchaytirish uchun amalga oshirdik. Lekin baribir futbolchilarga yetib bora olmayapman.

Samarqandda ham yaxshi o‘ynadik, ammo g‘alaba qozona olmadik. Bugun ham xuddi shu holat takrorlandi. Men har bir futbolchining fikriga kirib bora olmayman. Faqat bugun eng muhimi natija ekanini aytdim. Bu uchrashuvda natija juda muhim edi.

Rostini aytsam, bu to‘rtta mag‘lubiyat uchun o‘zim ham qattiq uyalyapman. Shuning uchun hozirgina klub rahbariyati bilan suhbatlashdim. Menga ham bu holat juda og‘ir botyapti. Shu bois iste’foga chiqishimni so‘rayman. Chunki bunday davom etishi mumkin emas. Vaziyatni yanada og‘irlashtirmaslik uchun keskin choralar ko‘rish kerak.

- «Surxon» gol urganidan keyin jamoa ancha faollashdi. Ungacha esa o‘yin unchalik chiqmayotgandi. Nima uchun shunday bo‘ldi?

- Avvalo, bizda tiklanish uchun raqibga nisbatan bir kun kamroq vaqt bo‘ldi. Buni ham inobatga olish kerak. Ikkinchidan, bugun maydon odatdagidek tez emasdi. Biz uchun tez maydon ustunlik hisoblanardi. Shuning uchun birinchi bo‘limni tartibli va ixcham o‘tkazishga harakat qildik. Shunga qaramay, birinchi bo‘limda ham ikkita yaxshi vaziyat yaratdik. Ammo hozir ishlarimiz yurishmayapti. Omad bizdan yuz o‘girgandek. Nega shunday bo‘layotganini bilmayman. Nima uchun futbol xudosi bizga mehribon emas — tushunmayman.

Siz ham to‘g‘ri aytdingiz. Men ham hozir shu haqda gapirdim. Biz qandaydir oddiy, kutilmagan xatolar sabab gol o‘tkazib yuboramiz. Shundan keyin esa juda katta bosim bilan hujum qilamiz, ammo to‘p baribir darvozaga kirmaydi. Sohibjonovni bir o‘zi o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi.

- Nimeli yaxshi o‘yinayotgandi. Shunga qaramay almashtirildi. Bu qaror nima bilan bog‘liq edi?

- Nimeli bo‘yicha shuni ayta olamanki, bu haqda Samarqandda ham gapirganman. U uzoq vaqt jarohat sabab maydondan chetda qoldi. Tizzasida muammo bor edi. 14 kun mashg‘ulotlarda qatnashmadi. Keyin qaytib, atigi to‘rt kun jamoa bilan tayyorgarlik ko‘rdi.

Biz unga o‘yin amaliyoti berishga harakat qildik. Bugun ham asosiy tarkibda maydonga tushdi. Lekin fiziologik jihatdan 14 kun mashg‘ulotsiz qolgan futbolchi darhol 90 daqiqa davomida yuqori sur’atda harakat qila olmaydi.

- Javohir Siddiqov ham almashtirildi…

- Javohir bilan ham xuddi shunday vaziyat. U ketma-ket uchta uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi. Bugungi og‘ir maydonda unga ham oson bo‘lmadi. Biz imkonimiz boricha jamoani tiklashga harakat qildik. Barcha almashtirishlar kuchaytirish uchun qilindi. Shahrux Godoyevni ham, Anasni ham, Javohirni ham maydonga tushirdik. Maqsad qanotlar orqali bosimni oshirish, ko‘proq uzatmalar berish edi.
Ikkinchi bo‘limda to‘rt-beshta burchak to‘pini amalga oshirdik. Raqib darvozaboni bo‘y jihatidan unchalik baland emasdi, ammo bugun hamma narsa ularning foydasiga hal bo‘ldi. Bizdan omad yuz o‘girgan. Nima uchun bunday bo‘layotganini bilmayman. Balki kimdir futbol xudosini ranjitgandir, bilmayman.
Har bir o‘yinga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Video tahlillar o‘tkazamiz, nazariy mashg‘ulotlar bo‘ladi, maydonda barcha jihatlarni mashq qilamiz. Ammo baribir bizga eng oddiy narsa — futbol omadi yetishmayapti.

- Yozgi tanaffusdan keyin jamoa ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyatga uchradi. Demak, ikkinchi davraga tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagan, deyish mumkinmi?

- Yo‘q, men yana bir bor takrorlayman. Biz tayyorgarlik davrida doim ham to‘liq tarkibda ishlay olmadik. Javohir davolanishda edi. Ayrim futbolchilar kechroq kelib qo‘shildi. Boshqalari kutilmagan jarohatlar tufayli uch-to‘rt kun mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishdi. Biz faqat tayyorgarlik yakuniga yaqin to‘liq yig‘ila oldik.

Men futbolchilarga ham aytaman: bir kun mashg‘ulot qoldirsang, uning o‘rnini to‘ldirish uchun kamida uch kun ishlashing kerak. Futbolda mayda narsaning o‘zi yo‘q. Men mas’uliyatni o‘z zimmamdan soqit qilmayapman. Lekin agar biz bir qayiqda ekanmiz, hammamiz birgalikda mehnat qilishimiz, tinmay ishlashimiz kerak. Har kim o‘zini emas, jamoani o‘ylashi lozim. Aks holda omad ham bizdan yuz o‘giradi.
Bugun hech kim charchoqdan almashtirish so‘ramadi. Birinchi bo‘limdan keyin Yegorni tezlik qo‘shish uchun almashtirdik. Hisob 0:0 bo‘lib turganidayoq tezkor hujumchini maydonga tushirdik. Barcha qarorlar jamoani kuchaytirish uchun qabul qilindi.
Tayyorgarlikka kelsak, qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. Toshkentda to‘rt hafta mashg‘ulot o‘tkazdik, nazorat uchrashuvlarini ham o‘tkazdik. Bu haqda avvalgi intervyularimda ham aytgandim.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting