Anvar G‘ofurov: «Chinedu ijaraga berildi va «Paxtakor» tomonidan bizga qanaqadir miqdorda pul berilishi kerak»
Superliganing 15-turidagi so‘nggi juftliklar qatorida «Qo‘qon-1912» va «Surxon» o‘rtasidagi uchrashuv ham bor edi. Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan o‘yin taqdirini birgina gol hal qildi va bu gol mehmonlar tomonidan kiritildi.
Uchrashuvdan so‘ng «Surxon» bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Ikkala jamoaga ham ochkolar juda zarur edi. Shunga yarasha ikkala klub ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, deb o‘ylayman. Qo‘qonliklar ham, biz ham bu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rgandik. Bugun bizga omad kulib boqdi. Shuni evaziga g‘alaba qozondik, deb o‘ylayman. Futbolchilar juda katta mehnat qilishdi. Ko‘p harakat qilishdi. Albatta, hammasi ham ajoyibu, g‘aroyib emas. Yanada yaxshilanish uchun harakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Uzoq yo‘l bosib kelgan «Surxon» muxlislariga katta rahmat. Biz ularni kutgandik. Qo‘llab-quvvatlab bizga yordam berganliklari uchun minnatdormiz.
- Gol muallifiga aylangan Fridayni nega almashtirdingiz?
- Biz maydonda o‘ynayotgan futbolchilar bilan muloqotdamiz. Holatini ko‘pdan-ko‘p so‘rab turamiz. O‘zi biroz charchagan. Birinchi taymda ko‘p mehnat qildi. Shu sabab ham oldiga yanada qo‘shishimiz kerak edi. Chunki gol urganimizdan keyin Qo‘qon jamoasi ham vabankka ketdi. Shuni inobatga olgan holda kuchaytirishga harakat qildik.
- «Surxon»da ham boshqa jamoalar singari moliyaviy muammolar yetarli. Birinchi davradan keyin ikkita yetakchisi – Chinedu bilan Behruz Karimov klubni tark etishdi. Ulardan ma’lum miqdorda pul tushadimi yoki Chinedu tekinga ketdimi? Behruz bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ldi?
- Behruzni kelajagini o‘ylagan holda Yevropaga ketyapti. Lekin u bilan bog‘liq vaziyat haqida aniq narsa bilmayman. Jamoamizdan ko‘proq futbolchilar ketdi. Yoshlarga yo‘l ochildi. Ularga imkoniyat berilyapti. Ishlashda davom etamiz. Bir qancha yetakchilar ketishdi, bu ularning xohishi, hech qanday muammo yo‘q. Ularning istak va xohishlarini to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Kelajakda ularga omad tilaymiz. Biz esa o‘z ishimizni davom ettirishimiz kerak. Chinedu ijaraga berildi va «Paxtakor» tomonidan bizga qanaqadir miqdorda pul berilishi kerak.