Otabek Narzullaev: «Xatolarimiz qimmatga tushdi»
Superliganing 20-turi doirasida "Neftchi" – "Mash'al" bahsi yakunlanganidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin boshi yaxshi bo‘ldi. Xatolarimiz qimmatga tushdi. Bu bahona emas. O‘tgan o‘yindan so‘ng yo‘l azobi bo‘ldi va futbolchilarni tiklashga ulgurmadik. Shu sababli o‘yin qiyin bo‘ldi.
- Jamoa o‘tgan turda "Andijon"ni mag‘lub etdi. Bugun jamoaga nima yetishmadi?
- Bugun charchoq evaziga mag‘lub bo‘ldik deb o‘ylayman. Chunki biz "Andijon"ga qarshi o‘yinda katta kuch yo‘qotdik. Keyin yana yo‘l, Toshkentgacha, keyin Farg‘onagacha. Xohlaymizmi yo‘qmi, futbolchilarda charchoq bor edi. O‘yinni yaxshi boshlagandik, 15-20-daqiqalardan keyin xatolar qilishni boshladik va gollar qo‘yib yubordik. Charchoq evaziga konsentratsiyani yo‘qotdik va xatolar sababli gollar o‘tkazib yubordik.
- Bugungi mag‘lubiyatda darvozabonning qanchalik aybi bor?
- Endi bu futbol. Darvozabonimiz balki xato qilgandir, balki xato qilmagandir. O‘yinni ko‘rib, tahlil qilib, keyin aytishim mumkin. Xato hammamizniki. Murabbiylar, futbolchilar, shu klubda ishlayotgan barchaning xatosi bu. Biz xato qilayotgan bo‘lsak, ishlashda davom etamiz. Keyingi o‘yinlarda bu xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz.
- "Mash'al" yoshlari bilan yaxshi ishlaydi. Klubning o‘z akademiyasi bor. Siz o‘rinbosarlar jamoasi o‘yinlarini kuzatib borasizmi?
- Yoshlarmizning har bir o‘yiniga boramiz. O‘yinlarimiz yaqin bo‘lmasa borib ko‘ramiz. Chunki biz yoshlarga ko‘proq o‘ynash imkonini berishni xohlaymiz. "Paxtakor"ga qarshi kubok o‘yini bor, o‘sha bahsda bir qancha yoshlarni sinab ko‘rmoqchimiz. Bugun yosh futbolchimiz Farrux Toshpo‘latovni 10 daqiqaga maydonga tushirdik, bu u uchun debyut o‘yin. "Neftchi"dek jamoaga qarshi o‘yinda yomon taassurot qoldirmadi. Bunday yosh futbolchilar bizning U21, U19 jamoalarimizda juda ko‘p. Ularga sekin-sekin imkoniyat berishimiz kerak. Bizda ham asosiy tarkibda futbolchilarimiz ko‘p. Shuni inobatga olib, yoshlarga doim ham imkoniyat bera olmayapmiz. Nasib bo‘lsa, o‘z ochkolarimizni yig‘ib olsak, asosiy tarkibdagi bir qancha futbolchilarning o‘rnini yoshlar bilan to‘ldirmoqchimiz. Bu borada klubdagilar, jamoadagilar ham ishlamoqda. Bundan keyin ham yoshlarga imkoniyat berishga harakat qilamiz.