«MYu» rahbariyati Karrikning kelajagini muhokama qiladi
«Manchester United» bosh murabbiy Maykl Karrikni iste’foga chiqarishi mumkin. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Jamoa so‘nggi sakkiz o‘yinda g‘alaba qozonmadi: besh mag‘lubiyat va uch durang. «Bornmut»ga qarshi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng «qizil iblislar» APL turnir jadvalida 16-o‘ringa tushib ketdi.
Qayd etilishicha, klub rahbariyati bugun, 26-oktabr kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi va unda Karrikning kelajagini muhokama qiladi.
Jamoada angliyalik mutaxassis o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan nomzodlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Asosiy da’vogarlar Eddi Hau va Yulian Nagelsmann hisoblanadi.
Unai Emeri («Aston Villa») va Fabian Hyurtseler («Brayton») ham ro‘yxatda bor, ammo ularni taklif etish qimmatga tushishi va murakkab bo‘lishi mumkin. Matbuotda Antonio Konte va Kiran MakKenna nomlari ham tilga olinmoqda.