Mirjalol Qosimov: «Birinchi bo‘limdagi yigitlarni o‘yini uchun muxlislardan uzr so‘rayman»
OKMK klubi O‘zbekiston Kubogi chorakfinalida birinchi liga vakili – «Guliston» jamoasini qabul qildi.
O‘yinda maydon egalari 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida shunday dedi:
- Og‘ir o‘yin bo‘lishini kutgandim. Bu haqida Qarshida «Mash’al» bilan uchrashuvdan avval futbolchilarga ta’kidlagandim. Shunaqa ham bo‘lib chiqdi. «Guliston» jamoasi ham shijoat bilan harakat qildi. Shu bois har doim aytaman: mentalitetimizni o‘zgartirishimiz kerak. Futbolda hamma narsaga ega bo‘lish mumkin, agar shijoat bo‘lmasa juda ham qiyin.
Birinchi bo‘limdagi yigitlarni o‘yini uchun muxlislardan uzr so‘rayman. Bu mensimaslik, ochiq-oydin. Bir tomondan tushunishimiz mumkinki, bandasi turnir jadvaliga qaraydi, qaysi ligada o‘ynayotganiga qarab turib baho beradi. Ammo maydonda tirik insonlar harakat qiladi. Shu hisobga olinmaganligi uchun shunaqa og‘ir o‘yin bo‘ldi. Biroq ikkinchi bo‘limda o‘z o‘yinimizni topib haqli ravishda keyingi bosqichga chiqdik.
Yechinish xonasida aytaman, homiy topishibdi shunaqa o‘yinlarga «Validol» degan. Bu tarix. Endi 25 oktyabr kuni bo‘ladigan bahsga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Yigitlar bu o‘yindan to‘g‘ri xulosa chiqarishlari lozim. Nimagaki, o‘ynaydigan ular. Biz yomonlik tilamaymiz. To‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatamiz. Kim bundan to‘g‘ri xulosa chiqarsa faoliyati ham yaxshi bo‘ladi, yaxshi futbol ham o‘ynaydi, zavqlanib. Futbolni mana shunday shijoat bilan o‘ynash kerak-da. Birinchi liga jamoasi shunday harakat qildi. Ammo juda qiziqarli, tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Muxlislarga qo‘llab-quvvatlashgani uchun rahmat. Gulistondan ham kelishdi.
- «Guliston» yoshlardan tashkil topgan va Proligaga chiqsa qanday ishtirok eta oladi? Fikringiz qanday?
- Hozir aytganimdek, mentalitetimizni o‘zgartirib, shu tarzda harakat qilishsa bemalol o‘ynay oladi. Bemalol bosh og‘riq bo‘la oladi. Hamma narsaga ega: texnika, jismoniy taraflama, fikrlash...Futbolchiga eng kerakligi shijoat bo‘lishi kerak. Beparvo bo‘ldimi, mensimadimi, hurmat qilmadimi, o‘yini ham chiqmaydi, g‘alabalar ham bo‘lmaydi», - deya Mirjalol Qo‘shoqovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.