«Mash’al» yopilishi mumkinmi?
Muborakning “Mash’al” klubi kelasi yilda Pro ligada ham ishtirok etmasligi mumkin.
Sports24.uz xabar berishicha, jamoada moliyaviy holat juda yomon. Buni jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushan ham “Dinamo”ga qarshi Superliga 26-turidan keyin ma’lum qildi. Uning fikricha, jamoa tizimida mehnat qilayotgan insonlar qariyb 8 oydan beri maosh olmayapti.
“Mash’al” keyingi mavsumda mavjud bo‘ladimi-yo‘qmi, buni hech birimiz bilmaymiz. Menimcha, 90 foiz ehtimol bilan “Mash’al” chempionatdan chiqib ketadi. Chunki boshqa jamoalarda bo‘lgani kabi, bizda ham pul yo‘q. Odamlar sakkiz oydan beri maosh olmayapti. «Mash’al» mehnatkashlari pulsiz qolgan. Bunday sharoitda qaysi jamoa faoliyat yurita oladi? Futbol o‘ynash uchun ham, axir, ovqatlanish kerak.
Pul yo‘q va uning paydo bo‘lishi ham kutilmayapti. Homiylar yo‘q, hech narsa yo‘q. Mening tushunishimcha, Pro ligada ham davlat tomonidan yordam ajratilishi rejalashtirilmagan. Shunday ekan, klubning o‘zi ham chempionatdan chiqib ketishi mumkin”, - dedi Lushan.
Eslatib o‘tamiz, “Mash’al” Superliga turnir jadvalida 4 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bormoqda.