Modrich «Milan»da faoliyatini davom ettirish qarorini izohladi
«Milan» yarim himoyachisi Luka Modrich Jahon chempionatidan keyin ham futbolchilik faoliyatini davom ettirishga qaror qilgani haqida gapirdi.
Avvalroq xorvatiyalik futbolchi 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin butsalarini mixga ilishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Biroq iyul oyining oxirida «rossonerilar» Modrich bilan shartnoma 2027 yilning o‘rtalariga qadar uzaytirilganini e’lon qildi.
«Men «Milan»da o‘zimni yaxshi his qilyapman. Bu yerda meni qadrlashlarini va yaxshi ko‘rishlarini his qilyapman. Klub va yangi bosh murabbiy bilan suhbatlashganimdan keyin qolishga qaror qildim.
Hali ham o‘zimni ajoyib his qilyapman, futbolni sevaman va undan zavq olyapman. Jamoaga foyda keltirishda davom etish va yosh futbolchilarga yordam berish uchun qolishni istadim.
«Milan» uchun bor kuchimni sarflayman. Birgalikda qanday natijalarga erishishimiz mumkinligini vaqt ko‘rsatadi», — dedi Modrich CBS Sports nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida 41 yoshini qarshi olgan tajribali yarim himoyachi shanba kuni «Inter»ga qarshi Milan derbisida (3:1) jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Modrich uchrashuvni boshidan oxirigacha maydonda o‘tkazdi.