Islom Ahmedov: «Rejamiz amalga oshmadi»
«Andijon» va «Surxon» (1:2) uchrashuvidan keyin jamoamiz ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Islom G'ulomovich, avvalo ushbu bellashuv borasidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- O'yinga keladigan bo'lsak, mag'lubiyatga uchradik. Ruhiy tomonlama o'yinchilarimizni yaxshi tayyorlay olmadik, deb o'ylayman. Shu kungacha jismoniy va yana boshqa tomonlama ham yaxshi edik. Yozgi yig'indan keyingi birinchi o'yin, muxlislar oldidagi bosim, g'alabaga bo'lgan javobgarlik – yuk o'yinchilarimizni bosib qo'ydi. Hammasi o'z darajasidagi o'yinni ko'rsata olmadilar. Har jabhada yutqazib qo'ydik. Asosan ruhiyat bilan bog'liq bo'ldi.
- Ikkinchi bo'limda maydon markazi deyarli «Surxon» jamoasi qo'liga o'tdi. Murabbiylar shtabi shu holatni yengishni amalga oshira olmadinglar...
- Ko'p jabhada yutqazib qo'ydik. O'yinni ko'rib chiqib, tahlil qilamiz. Ko'proq birinchi taymda o'rtani berib qo'yganga o'xshadik. Ikkinchi taymda yangi futbolchilarni, yangi kuchlarni tushirgandik, natijada hujumlar qilishni boshladik. Baribir qaerdadir o'rtani tezroq kesib o'tamiz, deya xatolikka yo'l qo'ydik. Gol urish uchun shoshildik.
- Xoldorxonov, Andronikashvili, Ashortia kabi futbolchilarni almashtirilishiga sabab nima bo'ldi? Jismoniy holatimi?
- Yo'q, jismoniy holat emas. Qaerdadir ruhiy tomonlama futbolchilarni maydonga tushirib, o'yinni kuchaytirmoqchi edik. Rejamiz amalga oshmadi. Darvozamizdan to'p o'tkazdik, keyin hisobni tenglashtirdik. Afsuski, yana o'z xatoimiz bilan gol o'tkazib yubordik. Endi sovuq kallaga o'yinni ko'rib, har bir epizodni tahlil qilamiz.
- Uchrashuvda markaziy, qanot himoyachilari oldingi paytlardagidek yaxshi o'yin o'tkaza olishmadi. Bu holatga munosabatingiz qanday?
- Aytganimdek, ruhiyat bilan bog'liq. Ancha tanaffusdan keyingi uyimizda o'tgan birinchi o'yin. Muxlislarimiz uchun tezroq gol urib, ularni xursand qilish maqsadida shoshilishlar va shunday holatlar ro'y berdi. Natijada xato ketidan xato kelib chiqaverdi. Shuning uchun hech bir chiziqda o'yinimiz o'xshamadi.
- Transfer oynasi ochildi. Potapovni, Ne'matxonovni ko'rdik. Ular klubga qabul qilindimi? Yana yangi o'yinchilarni jalb qilish masalasi qachongacha davom etadi?
- Ba'zi-bir chiziqlarimizni raqobat tomonidan kuchaytirishimiz kerak. FIFA tomonidan taqiq qo'yilgandi. Lekin rahbariyatimiz buni yechishdi. Faqat FIFAdan ruxsat kelishi kerak, shuni kutyapmiz. Shunda futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazamiz. Hujum chizig'ini kuchaytirish uchun ham o'yinchilar bilan gaplashyapmiz. Biroq biz xohlagan futbolchilarni o'z jamoalari bor va ularni olishimiz qiyinroq kechyapti.
- Ijtimoiy tarmoqlarda Sherzod Esanov bilan Rustam Turdimurodovga «Andijon» jamoasi qiziqish bildirganligi haqida yozishdi. Haqiqatan taklif bilan chiqilganmi?
- Ular bilan qiziqib gaplashdik. Aytganimdek, ularni o'z klublari bilan shartnomalari borligi uchun jamoamizga jalb qilish biroz qiyin bo'lyapti.
- 22 iyul kuni «Andijon»ni Toshkentda «Lokomotiv»ga qarshi o'yin kutmoqda. Oraliq kun qisqa va bu muddat davomida jamoani tiklash qanday olib boriladi?
- Tiklanish jarayonini hozir, yechinish xonasidanoq boshlaganmiz. Ertaga tushlikdan keyin yig'ilib, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.