Emilian Karas: «Raqib Saudiya Arabistonining eng kuchli ikki jamoasidan biri»
"Qadsiya" bilan o‘yindan avval jamoamiz murabbiyi Emilian Karas matbuot anjumanida qatnashdi.
- Chempionlar ligasi Toshkentga qaytganidan xursandmiz. Ertaga ushbu kuchli raqibni kutib olayotganimizdan mamnunmiz. Muxlislar kelib, bizni yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz. Raqib jamoa tarkibida Yevropa va Janubiy Amerikadan katta mablag‘ evaziga xarid qilingan yuqori saviyali futbolchilar jamlangan. Ularda "Liverpul" va "Seltik" kabi klublarda ishlagan, katta nomga ega juda yaxshi murabbiy bor. Ya’ni, jamoa juda raqobatbardosh. Hozirgi bosqichda ular ikkinchi o‘rinda bormoqda va menimcha, peshqadam "Al-Hilol" bilan birgalikda chempionatda eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, biz raqibni kutyapmiz va ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yaxshi o‘yin ko‘rsatishga, eng muhimi, ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz. Shunday ajoyib ob-havoda barchani futbolga, ertangi o‘yinda yigitlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun taklif qilamiz.
Biz o‘z muxlislarimiz qarshisida, o‘z uyimizda o‘ynayapmiz. Oldingi raqibning o‘z muammolari bor edi. Hozirgi raqibimiz esa juda yaxshi holatda, ketma-ket g‘alabalarga erishdi va raqiblaridan ustunlik qilmoqda. Ular juda yaxshi ko‘rinishga ega. Aytishim mumkinki, hozirgi raqibimiz eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan jamoalardan biri hisoblanadi. Ular oldingi raqibimizdan farqli o‘laroq, boshqacha sxemada harakat qilishadi va ularda ko‘proq birga o‘ynab shakllangan, uyg‘unlashgan tarkib mavjud. Ammo bizning ham ertangi o‘yin uchun o‘z rejamiz bor va ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz.
Bizda ikki nafar kuchli, teng kuchga ega darvozabon bor. Bu juda yaxshi holat, chunki ularning o‘sishiga va o‘zaro raqobatiga yordam beradi. Ikkalasi ham ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ertaga kim maydonga tushishini o‘yindan oldin hal qilamiz.
Har bir jamoaning o‘z kuchli va zaif tomonlari bo‘ladi. Hozir biror narsaga alohida urg‘u bermoqchi emasman, bu haqda o‘yindan keyin gapirishni afzal ko‘raman.