locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Dostonbek Tursunov: "Xorazm" muxlislari deyarli 1000 kilometrdan kelib bizni qo'llashmoqda"

Futbol 06 apr 2025 da 06:19
Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Dostonbek Tursunov: "Xorazm" muxlislari deyarli 1000 kilometrdan kelib bizni qo'llashmoqda"
Dostonbek Tursunov: "Xorazm" muxlislari deyarli 1000 kilometrdan kelib bizni qo'llashmoqda"

Urganchning "Xorazm" klubi 15 yillik tanaffusdan so'ng Superligaga qaytdi. Hakim Fuzaylov boshchiligidagi jamoa 2025 yilgi mavsumni ketma-ket ikkita g'alaba bilan boshladi va ko'pchilikning e'tiboriga tushdi. Jamoa markaziy himoyasida tajribali Vladimir Bubanya bilan birga Dostonbek Tursunov tandem hosil qilgan.

Sports24.uz Tursunov bilan o'tgan mavsum hamda "Xorazm"dagi faoliyati haqida gaplashdik.

2024 yil boshida Eronning "Istiqlol Xuziston" klubiga o'tdingiz va yarim yil o'ynadingiz. Yozda erkin agentga aylanib, hech qaysi klubga o'tmadingiz. Buning sababi nimada?

To'g'ri "Istiqlol" safida yarim yil to'p tepdim. Borganimda klub oxirgi o'rinda edi va oldimizga jamoani ligada olib qolish vazifasi qo'yildi. Shukurki "Istiqlol"ni ligada olib qoldik va vazifani bajardik. Eron chempionati menga juda ham yoqdi, mening o'yin uslubimga mos tushdi. Yozda Eronning "Xeybar" va "Foulad" klublaridan menga qiziqish paydo bo'ldi. Ammo maqsadim yanada kuchliroq ligaga o'tish edi. Biroz muddat o'tgach, Latviya klubidan taklif bo'ldi, ammo maosh borasida kelisha olmadim. Keyin Xitoyning ikkita "Shanxay Jiadin" va "Chunqin Tunyuan Long" klublaridan taklif kelib tushdi. Afsuski Xitoy mamlakatidan viza olish muammosi paydo bo'ldi. Qizig'i 10 mart kunidagina vizam chiqdi. Bu orada O'zbekiston chempionati boshlanib ham ketgandi.

Nega aynan "Xorazm"ni tanladingiz?

Yashirmayman qishda O'zbekistonning boshqa klublaridan ham taklif bor edi. Biroq Xitoyga ketishim 95 foizga aniq edi, shu bois klublarimizga rad javobini bergandim. Aytganimdek viza ololmaganimdan keyin Superligada transfer oynasi yopilayotgani uchun tezkor ravishda klub topishim kerak edi. Shu pallada "Xorazm"dan qiziqish paydo bo'ldi. Hudoga shukur "Xorazm"da maydonga tushishni boshladim va o'z sport formamni tiklab boryapman.

"Xorazm"ning mavsum uchun maqsadi qanday?

Bilasiz "Xorazm" uzoq yillardan keyin Superligaga qaytdi va dastlabki turlarda 2 ta g'alabaga erishdi. Shu bois rahbariyat klub oldiga yuqori o'rinlarni egallash vazifasini qo'ygan. Buning uchun sharoitlar ham yaratib berilmoqda.

2018 va 2019 yillarda O'zbekiston milliy terma jamoasida o'ynagansiz. Besh yildan buyon terma jamoadan chaqiruv olmayapsiz. Siz uchun terma jamoa eshiklari yopildi deb o'ylaysizmi?

Yo'q, menimcha terma jamoa eshiklari yopildi deb o'ylamayman. Chunki yaqinda Timur Kapadze kim o'zini ko'rsatsa terma jamoaga chaqiraman deb intervyu berdi. Demak, hammada imkoniyat bor. Tez orada milliy terma jamoaga qaytaman deb umid qilaman.

Siz Yaponiyada "Renofa Yamaguchi", Janubiy Koreyada "Pusan IPark", Xitoyda "Chunqin Tunyuan Long" va Eronda "Istiqlol Xuziston" klublarida o'ynagansiz. Eng yaxshi sharoitlar qaysi mamlakatda bo'lgan?

Menga eng ko'p yoqqani Yaponiya va Janubiy Koreyadagi sharoitlar bo'lgan. Sababi bu mamlakatlardagi sharoitlar Osiyodagi eng yaxshilari. Hamma narsa professional tarzda tashkil etilgan.

Hakim Fuzaylov ancha tajribali va yoshi katta murabbiy. U haqida qanday fikrdasiz?

Bu murabbiy bilan birinchi marta ishlashim. Juda ham muomalali inson ekan. Har bir futbolchi bilan individual gaplashadi va mashg'ulotlarda nima talab qilishini to'g'ri tushuntira oladi.

"Xorazm" klubi Urganchdagi stadionga qaytishga yaqin. Xorazmlik muxlislar haqida qanday fikrdasiz?

"Xorazm" muxlislariga qoyil qoldim. Chunki dastlabki turlarni Toshkentda o'tkazayapmiz. Shunga qaramay muxlislarimiz deyarli 1000 kilometr masofani bosib o'tib, stadiondan bizni qo'llab-quvvatlashmoqda. Xudo xohlasa, Urganchdagi stadion bitganidan keyin barcha muxlislarni xursand qilamiz degan umiddaman. Nasib qilsa "Xorazm" bu yil yuqori o'rinlarni egallaydi va barcha muxlislarini xursand qiladi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting