Deklan Rays \"Arsenal\"ning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanadi
Londonning "Arsenal" klubi angliyalik yarim himoyachi Deklan Rays bilan yangi uzoq muddatli shartnoma borasida og‘zaki kelishuvga erishdi. Bu haqda Evening Standard nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, yangi kelishuv asosida futbolchining haftalik maoshi qariyb 350 ming funt sterlingni tashkil etishi mumkin. Shu tariqa u Bukayo Saka bilan bir qatorda London klubining eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanadi.
"Arsenal" rahbariyati kelgusi yillarda ham yuqori natijalarni qayd etish maqsadida jamoaning yetakchi futbolchilarini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Klub Yurriyen Timber bilan ham yangi shartnoma borasida muzokaralar olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli Deklan Rays 2023-yilda "Vest Hem"dan 105 million funt sterling evaziga "Arsenal" safiga kelib qo‘shilgan edi.