Floyd Meyvezer yana ringga qaytishini e’lon qildi
Professional faoliyatini mag‘lubiyatsiz yakunlagan amerikalik boks afsonasi Floyd Meyvezer navbatdagi ko‘rgazmali jangini o‘tkazish niyatini ma’lum qildi. 49 yoshli sobiq jahon chempioni 19-dekabr kuni Tailandning Bangkok shahrida avstraliyalik Metti Floydga qarshi ringga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Meyvezer bo‘lajak jang haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilgan. Amerikalik bokschi mazkur to‘qnashuvni Rayan Garsiyaga qarshi ehtimoliy professional jang oldidan tayyorgarlik sifatida ko‘rayotganini bildirgan.
Biroq Meyvezerning qaytishi bilan bog‘liq rejalar hozircha yakuniy tasdiqlangan janglar taqvimi sifatida qaralmayapti. Sababi avvalroq uning Mayk Tayson va Menni Pakyaoga qarshi o‘tkazilishi kutilgan ayrim janglari amalga oshmagan edi.
Ma’lumot uchun, Floyd Meyvezer professional boksda 50 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Uning ehtimoliy raqibi Metti Floyd esa professional faoliyatida 15 g‘alaba va ikki mag‘lubiyat qayd etgan.