Sindarov va Gukesh shaxmat toji uchun matchning uchinchi partiyasida durang o‘ynadi
Sindarov va Gukesh shaxmat toji uchun matchning uchinchi partiyasida durang o‘ynadi. Shu tariqa, uch partiyadan keyin hisob 1,5:1,5 ko‘rinishiga keldi.
Uchinchi partiyada oq donalarda o‘ynagan Sindorov dastlabki yurishlardan boshlab tashabbusni qo‘lga olishga harakat qildi. O‘zbekistonlik grossmeyster partiyani 1.e4 yurishi bilan boshladi. Gukesh esa Berlin himoyasini tanladi.
Uchinchi partiya avvalgi ikki bahsga nisbatan ancha uzoq va murakkab kechdi. Sindorov oq donalarda o‘ynab, partiyani 1.e4 yurishi bilan boshladi. Gukesh esa yana Ruy Lopez debyutining Berlin himoyasini tanladi. Biroq hindistonlik grossmeyster beshinchi yurishda avvalgi partiyadan farqli davomni qo‘lladi.
Partiyaning dastlabki qismida ikki grossmeyster ham puxta tayyorgarlik namoyish etdi. 16-yurishdan so‘ng farzinlar almashildi va bahs murakkab endshpilga o‘tdi. Shundan keyin tomonlar pozitsion ustunlikka erishish uchun kurash olib bordi.
O‘yin davomida Gukesh shohini faol pozitsiyaga olib chiqib, qanotdagi piyodalar bilan bosim uyushtirdi. Sindorov esa raqibning rejalariga munosib javob qaytardi. Ayniqsa, partiyaning ikkinchi yarmida har ikki shaxmatchi uchun vaqt omili muhim ahamiyat kasb etdi.
40-yurish arafasida Sindorov vaqt tanqisligiga duch keldi. Biroq o‘zbekistonlik grossmeyster murakkab vaziyatdan chiqib, belgilangan yurishlar sonini bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Keyingi bosqichda u hatto bitta piyoda ustunligiga ham erishdi. Shunga qaramay, pozitsiya muvozanatlashganicha qoldi va tomonlar durangga rozi bo‘lishdi.
Shu tariqa, 14 partiyadan iborat jahon chempionligi uchrashuvida uchta bahs ortda qoldi. Hozircha Sindorov va Gukeshning har biri 1,5 ochkodan jamg‘argan.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionligi uchun bahs 24 noyabrdan 12 dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Kologni hududida o‘tkazilmoqda. Uchrashuvda 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi jahon chempioniga aylanadi. Agar 14 ta klassik partiyadan so‘ng hisob 7:7 bo‘lsa, g‘olib tay-brek bahslarida aniqlanadi.
To‘rtinchi partiya 28 noyabr, shanba kuni o‘tkaziladi. Unda Gukesh oq donalarda o‘ynaydi. 27 noyabr esa shaxmatchilar uchun dam olish kuni etib belgilangan.