locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Vadim Abramov: " Raqiblar bizning, biz esa raqiblarning qanday o‘ynashini yaxshi bilardik, ammo.."

Futbol 09 may 2025 da 15:56
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Vadim Abramov: " Raqiblar bizning, biz esa raqiblarning qanday o‘ynashini yaxshi bilardik, ammo.."
PHOTO: Telegram

"Dinamo" - “Surxon” (1:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

O‘yin haqida
- Bahs qiyin o‘tishi kutilgandi. Chunki ushbu raqib bilan deyarli bir tur oldin kubokda o‘ynagandik. Qisqa vaqt ichida bir raqibni ikki marta mag‘lub qilish oson emas. Raqiblar bizning, biz esa raqiblarning qanday o‘ynashini yaxshi bilardik. Biroq ular ko‘p narsalarni o‘zgartirishdi, adashmasam tarkibdagi 8 futbolchini almashtirishdi. Birinchi bo‘limda gol urib oldik. Ikkinchi bo‘limda o‘yinni ertaroq yakunlab qo‘yishimiz mumkin edi. O‘zimiz vaziyatlarni ura olmaganimizdan keyin validolli o‘yin bo‘ldi. Himoyada ko‘p o‘ynadik. Futbolchilarga rahmat aytish kerak, bugungi bayram kunida ular muxlislarni xafa qilib qo‘yishmadi.

Bugun juma kunida Fraydey gol urdi. Uning debyut goli haqida fikringiz?


- Uning ochilib ketishini kutayotgandik. Uning potentsialini yaxshi bilamiz. U hali o‘yiniga qo‘sha oladi. Istalgan futbolchiga moslashib olish uchun vaqt kerak. Bu gol unga ishonch bahsh etib, o‘yiniga yaxshi jihatlarni qo‘shishiga umid qilyapman.

Stadiondagi atmosfera haqida nima deysiz?


- Ajoyib atmosfera. Odamlar futbolga kelayotganidan xursandmiz. Muxlislar kelib, jamoalarni qo‘llab-quvvatlashidan barcha mamnun bo‘ladi. Samarqandlik muxlislarga rahmat aytib qolaman. Ularni xursand qilishda davom etamiz.

Bugun Mirjahon Mirahmadov qator golli vaziyatlardan foydalana olmadi. Qolaversa, Ravshanbek Yagudin ham golga sabab bo‘lishi mumkin edi. Ularning harakatiga baho bersangiz...


- Futbol shunday narsaki, barchada ham ishlar doimo o‘xshayvermaydi. 9-raqamli futbolchimizning vaziyati ham shunday. U shu vaziyatdan gol ura olmaganidan keyin ruhan sinib qoldi, shu sababli uni almashtirdim. U o‘yin davomida katta hajmdagi ishlarni bajaradi, bosim amalga oshiradi, uning o‘yinlaridan mamnunmiz. 8-raqamli futbolchimizni esa to‘g‘ri payqabsiz, u sariq kartochka olgandi, shu sababli almashtirdik. Darvozabon pozitsiyasi shunday joyki, uning birgina xatosi ajralib qolishi mumkin. Boshqa futbolchilarning xatolari unutilib ketishi mumkin, darvozabonlarning ishi esa shunday. U ko‘p narsalarni bo‘yniga oladi. SHuningdek, u o‘tgan turda maydonga tushmadi. Bugun ham u jarohati bilan o‘ynadi.

Mirjahon Mirahmadovning o‘rniga O‘rmonjonovni maydonga tushirdingiz. "Dinamo" ikkinchi bo‘limda natijani saqlab qolishga o‘ynadimi yoki bizga shunday tuyuldimi?


- Yo‘q, barchasi o‘yindan kelib chiqildi. Ikki futbolchini tushirish orqali o‘yinin kuchaytirmoqchi edik. Biz yoshlarni tushirish orqali hujumga tezlik berishni istagandik. Yoshlar doimo tezkor bo‘lishadi, yodingizda bo‘lsa o‘tgan o‘yinda yosh futbolchi gol urgandi. Ular maydonga tushgan paytda markazda parokandalik boshlanayotgandi. Ko‘p narsa shunga bog‘liq. Futbol shunday, 1:0 hisobida yutar ekansan, hisobni ushlash uchun o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Qarshi hujumga o‘tib ketib, ishni ertaroq yakunlashimiz ham mumkin bo‘lgandi. Salbiy o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsak-da, natija ijobiy bo‘ldi. Menga shunisi yaxshiroq. Bosim doimo bor, lekin asosiysi natija.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting