Ulug‘bek Baqoyev: «Shartnomamni 2028 yoki 2029 yilgacha uzaytirganman»
«So‘g‘diyona» klubi safarda «Qo‘qon-1912»ni yagona gol evaziga mag‘lub etdi. O‘yindan keyin jizzaxliklar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Bu biz uchun uchta finaldek gap. Shuning uchun bugun birinchi finaldan muvaffaqiyatli o‘tdik, deyishim mumkin. O‘yinga kelsak, bahs biz uchun yaxshi kechdi. Birinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qildik, gol urishimiz ham mumkin edi. Ikkinchi bo‘limda ham tashabbus ko‘proq bizning tomonda bo‘ldi. Tezkor hujumlar va qarshi hujumlar orqali raqib himoyasida bo‘sh hududlarni topishga harakat qildik.
O‘yindagi hal qiluvchi vaziyat 75-daqiqalarda yuz berdi. Raqib futbolchisi darvozabonimiz bilan birga-bir vaziyatga chiqdi, ammo gol ura olmadi. Keyingi hujumimizda esa biz gol kiritdik. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi.
Yigitlarga bugungi o‘yin, maydonda ko‘rsatgan fidoyiligi va bor kuchini ishga solgani uchun rahmat aytmoqchiman. Endi navbatdagi finalga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Bugungi o‘yinda hujum chizig‘ida uch nafar nominal hujumchi bilan harakat qildingiz. Jahon futbolida ham bunday holat kam uchraydi. Bu taktikani qo‘llashdan cho‘chimadingizmi?
— Yo‘q, bizda hujumda uch nafar futbolchi harakat qildi. Ular bir-biri bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, bo‘sh hududlarga ochilishi kerak edi. Agar gol urish uchun imkoniyat bo‘lsa, uchalasi ham bu vazifani bajarishi lozim.
Menimcha, ikkinchi bo‘limda ularning o‘zaro harakatlari yaxshi chiqdi. Yigitlar murabbiylar ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishdi. Bugungi g‘alabamizning sabablaridan biri ham shu, deb o‘ylayman.
- Jamoadagi shartnomangiz qachongacha amal qiladi?
— Aniq esimda yo‘q, menimcha, shartnomamni 2028 yoki 2029 yilgacha uzaytirganman», - deya Ulug‘bek Istamovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.