Ro‘ziqul Berdiyev: «Agar «Mash’al» «Nasaf»ga qarshi o‘ynaganidek har bir uchrashuvda harakat qilganida, bunday ahvolga tushmasdi»
Voha derbisida «Nasaf» kutilganidek uyida «Mash’al»ni mag‘lub etdi, hisob 2:0. Ushbu bahsdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Bugungi raqibimiz — «Mash’al» jamoasi himoyaga katta e’tibor qaratib, bizga ancha qiyinchilik tug‘dirdi. Buni kutgandik. Chunki bugungi raqibimiz o‘ylaymanki, bundan ortiqroq futbol ko‘rsatishga loyiq emasdi.
Ayrim vaziyatlar bo‘ldi, qarshi hujumlarga ham chiqdi. Lekin yigitlarga hujumda sabrli bo‘lishimiz va o‘z imkoniyatimizni kutishimiz kerakligini ta’kidlagandik. Chunki raqib jamoa 90 daqiqa davomida shu taktika asosida o‘ynashi oson emas. Buning uchun ko‘p kuch va e’tibor talab etiladi.
Shu bois vaziyatni kutdik va imkoniyat tug‘ilganida gol urdik. Golga qadar ham bizda ustunlik bor edi, vaziyatlar yaratayotgandik. Goldan keyin esa jamoamiz yanada faollashdi, hujumlarda ko‘proq imkoniyatlar yaratib, ikkinchi golni ham kiritdik.
Bu biz uchun derbi maqomidagi muhim g‘alaba bo‘ldi. «Mash’al» bugun o‘z oldiga qo‘ygan vazifani bajara olmagan bo‘lsa-da, «Nasaf»ga qarshi o‘ynash uchun qanday tayyorgarlik ko‘rishini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ba’zida aytaman: agar «Mash’al» «Nasaf»ga qarshi o‘ynaganidek har bir uchrashuvda harakat qilganida, bunday ahvolga tushmasdi.
- «Nasaf» haqida emas, «Mash’al» haqida savol bermoqchiman. Jamoa proligaga tushib ketdi. Murabbiyining so‘nggi fikrlarida ham «Mash’al» tugashi, yopilishi mumkinligi mazmunda gapiryapti. Siz mutaxassis sifatida yaxshi tushunasiz. Agar «Mash’al» yo‘qolib ketsa, o‘zbek futboli nimani yo‘qotadi?
— To‘g‘ri ta’kidlash kerak, «Mash’al» o‘zbek futboli uchun ancha munosib xizmat qilgan jamoa. U yerdan ko‘plab yaxshi futbolchilar yetishib chiqqan. Ularning ayrimlari milliy jamoa darajasigacha ko‘tarilgan. Buni albatta e’tirof etishimiz kerak.
Hozir mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, viloyatlar va tumanlarda futbolga e’tibor qaratish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Shuning uchun har qanday jamoa, ayniqsa, o‘z infratuzilmasi va futbol maktabiga ega klubning yo‘qolishi futbolga zarar keltiradi.
Lekin «Mash’al»ning infratuzilmasi, futbol maktabiga bo‘lgan e’tibor hozir qay darajada ekanini, to‘g‘risi, bilmayman. Bu haqda hech kim bilan suhbatlashganim yo‘q. Ammo yana bir bor aytaman: har qanday futbol jamoasi yoki yaxshi infratuzilmaga ega klubning yo‘qolishi futbolimizga zarar keltiradi.
- O‘zingiz ham ta’kidladingiz, «Mash’al» «Nasaf»ga qarshi juda kuchli o‘ynaydi. Bunday uchrashuvlarda futbolchilar oxirigacha kurashadi. Menda bir fikr bor: 1997 yilda «Mash’al»ning deyarli butun tarkibi «Nasaf»ga ko‘chib kelgani, shundan keyin voha derbilari kuchli o‘tgan. Bu borada munosabatingiz qanday?
Endi, bir viloyatdan ekanligimiz, albatta, bu o‘yinga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Bu futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi. Bir viloyat vakili bo‘lganingizdan keyin futbolchilar o‘rtasida ham bunday raqobat bo‘lishi tabiiy.
1997 yilni eslayman. O‘sha paytda «Mash’al» jamoasining to‘liq tarkibi ko‘chib kelmagan, lekin bu klubdan bir qator futbolchilar taklif etilganini bilaman. Biz «Yangiyer» jamoasidan kelgan edik. O‘shanda «Mash’al»dan yetti-sakkiz nafar futbolchi bor edi.
Viloyat tashabbusi bilan markazda yaxshi jamoa shakllantirish, viloyat sha’nini munosib himoya qiladigan klub tashkil etish kerak edi. Keyinchalik «Nasaf»ga ham, «Mash’al»ga ham rahbariyat tomonidan katta e’tibor qaratildi. Chunki har ikki jamoaning o‘z homiysi bor edi, ularda professional insonlar faoliyat yuritardi. Shuning uchun har ikki klub o‘z faoliyatini munosib olib bordi, deb o‘ylayman.
Bugungi uchrashuvda ham bir viloyat vakillari sifatida o‘zaro raqobatlashish futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya beradi. «Nasaf» darajasidagi jamoaga qarshi o‘ynashning o‘zi har bir futbolchi uchun katta rag‘bat.
- Shala juda faol o‘ynadi. Uning kelajagi haqida nima deya olasiz? Jamoada qolishi mumkinmi?
— Mehnatkash futbolchi har bir jamoaga kerak. Men uni juda ham qadrlayman. Albatta, bu yerda uning o‘z xohishi ham bor. Menimcha, o‘zaro kelisha olsak, bu masalani hal qilish mumkin. Bugun ham u odatdagidek juda katta mehnat qildi. Lekin bir vaziyatda e’tiborini yo‘qotdi va keyingi o‘yinni ham o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
- Mavsum yakuniga yetmoqda. Professional futbolchilar, ayniqsa, o‘zini ko‘rsatgan va takliflarga ega bo‘lgan o‘yinchilar boshqa variantlarni ko‘rib chiqishni boshlaydi. «Nasaf»dagi yetakchi futbolchilarni saqlab qolish uchun klub rahbariyati qay darajada tayyor? Bu haqda gaplashdingizmi?
— Bu haqda rahbariyat bilan hali gaplashmadik. Lekin bu eng murakkab masalalardan biri bo‘ladi. Futbolchilarni ham yaxshi bilasizlar. Ular qisqa faoliyat davrida yaxshi pul topishga harakat qilishadi. Ularning ham oilasi, o‘z sharoiti bor. Shuning uchun har kim o‘z imkoniyati va manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qiladi.
Ammo futbolchilarimizning barchasi jamoaga sodiq, bu yerda o‘ynashga doimo ishtiyoq bildirib kelishgan. Shunday bo‘lsa-da, har bir futbolchining o‘z qarori bor. Agar boshqa klublardan takliflar bo‘lsa, ularni o‘rganib chiqishi tabiiy. Menimcha, rahbariyatimiz ham o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, kerakli futbolchilarni jamoada olib qolish uchun harakat qiladi», - deya Ro‘ziqul Sa’dullayevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.