Andrey Shipilov: «Futbolchilar xohishsiz o‘ynashdi, deb ayta olmayman»
«Qo‘qon-1912» - «So‘g‘diyona» (0:1) jamoalari o‘rtasidagi bellashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida mag‘lubiyat sabablari haqida gapirdi.
— Birinchi bo‘limda har ikki jamoa ham taktik jihatdan yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. «So‘g‘diyona» tomonidan ham, bizning jamoa tomonidan ham hujumkor harakatlar bo‘ldi. Birinchi bo‘limning yakuniy qismida tashabbus raqib tomonida bo‘ldi. Ayrim vaziyatlarda biroz asabiylashganimizni his qildik.
Tanaffusdan keyin maydonga qaytib, vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qildik. Biroz dadilroq va tetikroq o‘ynay boshladik. «So‘g‘diyona» esa himoyada chuqurroq joylashdi. Bizda ham yaxshi, hatto yuz foizlik golli vaziyatlar bo‘ldi. Ammo ulardan foydalana olmadik.Bugungi o‘yin, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda shunday kechdi. Xatolar esa... Biz gol ura olmadik va burchak to‘pidan keyin darhol o‘z darvozamizdan to‘p olib chiqdik. «So‘g‘diyona» hujumga o‘tib, mehnat evaziga burchak to‘pini ishlab oldi. Bitta xato juda qimmatga tushdi.
Shunchaki emas, shu kunlar davomida standart vaziyatlar ustida ko‘p ishladik. Himoyada ham, hujumda ham bu jihatga alohida e’tibor qaratdik. Ammo biz gol ura olmadik, jizzaxliklar esa o‘z imkoniyatidan foydalandi.
- O‘yinni chetdan kuzatdingiz. Futbolchilarning harakatlarini qanday baholaysiz? Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar kutilgan natijani bera olishdimi?
— Bilasizmi, bugungi o‘yinni xotirjam va sovuqqonlik bilan tahlil qiladigan bo‘lsak, Elbek birinchi bo‘limda o‘yinga yaxshi qo‘shila olmadi. Shunga qaramay, unda yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Chap oyog‘i bilan gol urishi kerak edi.
Ikkinchi bo‘limda tajribali Tomaga imkoniyat berishga harakat qildik. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, Tomada oddiy emas, yaxshi golli vaziyatlar bo‘ldi.Odatda, jamoa g‘alaba qozona olmasa, qizishgan holatda zaxiradan tushgan futbolchilarning harakatlarini ham omadsiz deb baholash mumkin. Ammo biz Iqbolni tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasiga qo‘ydik va Gadoyevni maydonga tushirib, tarkibni kuchaytirdik. Shahzod almashtirishni so‘raganidan keyin esa Gadoyevni qanotga o‘tkazdik.
Gol ura olmadikmi, demak, qayerdadir nimadir o‘xshamadi. Qandaydir mexanizm ishlamadi, biror jihat yetishmadi. Bugun yigitlarga harakat qilishmadi, deb ayta olmayman. Ular xohishsiz o‘ynadi, deb ham aytolmayman. Hammasi bor kuchini berdi. Darvozabonimiz esa o‘z darvozasiga yo‘llangan to‘plarni qaytardi.
Biz gol ura olmadik. Vaholanki, juda yaxshi hujumlar tashkil qildik, yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldik. «So‘g‘diyona»ga esa qoyil qolish kerak — ular bugun uchrashuvni juda sifatli o‘tkazishdi. Bugungi bahs shunday kechdi. Yana bir bor takrorlayman: bitta xato, bitta gol barchasini hal qildi», - deya Andrey Sergeyevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.