Sergey Lushchan: «Agar g‘alaba qozonganimizda bu biz uchun olti ochkoga teng bo‘lardi»
Sergey Lushchan: "Agar g‘alaba qozonganimizda bu biz uchun olti ochkoga teng bo‘lardi"
Superliga 15-turidan o‘rin olgan "Mash’al" – "So‘g‘diyona" (1:3) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida fikringiz?
- Fikr aytmasdan ketsa ham bo‘ladi-ya (kuladi). Xo‘sh, nimadir aytishning o‘zi mushkul. 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdik. Haqli mag‘lubiyat bo‘ldi, himoyada bunaqa o‘yin ko‘rsatmasligimiz kerak edi. Hozir nimanidir orzu qila olmaymiz, ishlashda davom etamiz, oldimizda boshqa variant yo‘q. Raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun g‘alaba qozonganimizda bu biz uchun olti ochkoga teng bo‘lardi. Lekin afsus...
- Bugun asosiy gollarni Lyupcho Doriyev urdi.
- Nega shunday bo‘lganini Doriyevning o‘zidan so‘rash kerak. U yaxshi futbolchi. Agar unga jarima maydonchasi yaqinida zarba yo‘llash imkonini bersangiz, odatda gol bilan tugaydi. Boshqalar ura olmadi, lekin Doriyev urdi.
- Azizbek Choriyevning o‘yini haqida fikringiz?
- Markaziy himoyada muammolar borligi sabab shu futbolchini o‘ynatdik. O‘rinbosarlarimizdan to‘rt nafari muntazam asosiy tarkib bilan shug‘ullanib kelyapti. Xolmatovni, Choriyevni ko‘rdingiz. Tez orada boshqa o‘yinchilarni ham ko‘rasiz. Choriyev himoyada zo‘r o‘ynadimi? Yo‘q. Lekin birinchi o‘yini bo‘lgani uchun yomon emas.
- Ibrohimovning jarohati haqida?
- U tizzasidan jarohat oldi va tez orada sog‘ayib safimizga qaytadi deb umid qilib qolamiz.
- "Bunyodkor" mablag‘ yo‘qligi sabab safar o‘yiniga bora olmadi. "Mash’al"da ham moliyaviy qiyinchiliklar bor. Klubning boshiga "Bunyodkor" holati tushmasmikin?
- "Bunyodkor"dagi vaziyatni to‘liq bilmayman. Bizda esa holat boshqalar kabi, qariyb yarim yildan beri maosh olmayapmiz. "Bunyodkor" o‘yinini boshqa kunga qoldirish imkoniyati ko‘rib chiqilsa bo‘lardi, yanayam anig‘ini bilmadim. Hammamiz vaziyat o‘nglanishiga umid qilyapmiz. Superligining yarim jamoasida qiyinchilik bor deb o‘ylayman. Tez orada hammasi joyiga tushsa kerak.