Sergey Lushan: «Ochig‘ini aytsam, hozirgi ko‘rsatayotgan o‘yinimiz bilan ligada qolmaymiz»
Superliganing 19-turi doirasida autsayder hisoblangan «Mash’al» G‘uzorda «Navbahor»ni qabul qildi. O‘yindan oldin namanganliklarning imkoniyati yuqori baholangandi va amalda ham shunday bo‘ldi va ular mehmonda 0:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Navbatdagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Mash’al» ustozi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugun sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan narsa sodir bo‘ldi. Bu borada aytadigan gap yo‘q. Raqib jamoa tarkib jihatidan ham, o‘yin nuqtayi nazaridan ham bizdan bir bosh ustun edi. Aslini olganda, vaziyat shuni ko‘rsatib turibdi.
— Jamoa bu o‘yinga kela olmayapti, degan xabarlar tarqalgan edi. Bu borada nima deya olasiz?
— Ha, shunday. Xudoga shukr, duolarimizni Alloh eshitdi. Bugun, mening tushunishimcha, hisob raqamimizga qandaydir mablag‘ tushgan. Umid qilamanki, bu futbolchilarimiz uchun biroz bo‘lsa-da, nafas rostlab olish imkonini beradi. Olti oy davomida maoshsiz qolish juda og‘ir.
— Jamoaning hozirgi holatidan kelib chiqib, Superligada qolish imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Qancha foiz deb o‘ylaysiz?
— Qoladimi? Rostini aytsam, qanday foiz aytishim mumkinligini bilmayman. Menimcha, barcha aqlli odamlar bizni allaqachon «ko‘mib» bo‘lishgan. Lekin men doimo aytaman: imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Men bunday holatlarni bir necha marta ko‘rganman. Masalan, 1999 yildagi Moskva SSKAsi. Birinchi davradan keyin oxirgi o‘rinda edi. Keyin esa barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘rinni egallagan. Men bunday holatni hayotimda bir marta ko‘rganman. Lekin men Dolmatov emasman, bizning jamoa ham, aniqki, Moskva SSKAsi emas. Shuning uchun juda qiyin.
Zaxira o‘rindig‘imizga qarang — xuddi «dubl» jamoasidek. Tarkibda olti nafar futbolchining barchasi «dubl»dan. Shuning uchun ehtimol, keyingi o‘yindan boshlab parallel ravishda tayyorgarlikni boshlaymiz…
— Proligaga tayyorlanishni nazarda tutyapsizmi?
— Proliga. Ha, to‘g‘ri, Proliga. Bizda boshqa variant yo‘q. Agar bizda futbolchilarning sifati va, eng avvalo, soni jihatidan kamida ikkita to‘liq tarkib bo‘lganida, nimadir haqida gapirish mumkin edi. Bizdagi barcha yetakchi futbolchilar — deyarli hammasi ketdi. Ulardan foydalanish imkoniyati qolmadi. Katta rahmat. Men endi chiday olmayman…Yoshlar orasida yaxshi yigitlar bor. Bugun yana ikki nafarini maydonga tushirishning imkoni bo‘lmadi. Aslida «dubl» jamoasidan besh-olti nafar futbolchi bor edi. Endi shu yo‘nalishda harakat qilamiz, ko‘ramiz.
— Demak, jamoa ligada qoladimi yoki yo‘qmi?
— Qolamizmi yoki yo‘qmi? Biz hozir ko‘rsatayotgan o‘yin bilan ochig‘ini aytsam, qo‘rqamanki, qolmaymiz», - deya Lushanning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.