«Paxtakor» tayyor g‘alabani qo‘ldan boy berdi, Doriyev esa to‘xtamayapti...
Superliga 16-turining dastlabki kungi bahslarini Jizzaxda “So‘g‘diyona” – “Andijon” jamoalari uchrashuvi boshlab berdi va o‘yin taqdirini Lyupcho Doriyev tomonidan kiritilgan yagona gol hal etdi. Makedoniyalik goleadorni to‘xtatishni hech bir jamoa eplay olmayapti. O‘tgan mavsum to‘purari bu yilgi chempionatda ham har bitta turni golsiz tark etmayapti va ta’qibchilaridan ancha uzoqlashib oldi. Bir so‘z bilan aytganda bitta o‘zi jamoasini ortida ergashtirib, xavfli mintaqadan olib chiqib ketmoqda.
Bu yilgi mavsumda amaldagi chempionga asosiy raqobatchi sifatida qaralayotgan “Paxtakor” esa ketma ket ikkinchi o‘yinda muhim ochkolardan mahrum bo‘lyapti. O‘tgan turda Andijonda durang bilan kifoyalangan “sherlar” bu turda o‘z maydonida “Buxoro” bilan o‘yinda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Ikkita to‘p farqi bilan oldinda borayotgan jamoaning raqibga hisobni tenglashtirish imkonini taqdim etishini izohlash mushkul. Paxtakorchilarga o‘tgan turdagidek “Neftchi”ning o‘zi yordam qo‘lini cho‘zmasa, toshkentliklarning chempionlik umidi orzuligicha qoladiganga o‘xshaydi...
Superliga. 16-tur
PAXTAKOR 2:2 BUXORO
Dilshod Saitov, 17 (1:0), Stefen Chinedu, 28 (2:0), Vladimir Rodich, 75 (2:1), Sanjar Quvvatov, avtogol 83 (2:2)
SO‘G‘DIYONA 1:0 ANDIJON
Lupcho Doriyev, 77 (1:0)