OʻzPFL huzurida Tartib-intizom qoʻmitasi tashkil etildi
OʻzPFL huzurida Tartib-intizom qoʻmitasi tashkil etildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
"OʻzPFL musobaqalari doirasida futbolchilar, rasmiy shaxslar hamda boshqa ishtirokchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar, shuningdek, musobaqalarni oʻtkazish tartibiga zid boʻlgan xatti-harakatlar shu kungacha OFA huzuridagi Tartib-intizom qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilgan.
2025-yil 20-oktabr kuni professional futbol klublari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mazkur masala koʻtarilgan boʻlib, tegishli qoʻmitaning yigʻilish muddatlari orasidagi farq va shundan kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa ehtimoliy masalalar kun tartibiga kiritilgan. Uchrashuv yakunida Liga huzurida Tartib-intizom qoʻmitasini tashkil etish taklifi bir ovozdan ma'qullangan boʻlib, 30-yanvar kuni Liga ushbu yoʻnalishda qanday ishlar amalga oshirilayotgani yuzasidan klublarga ma'lumot bergandi.
Oʻtgan vaqt ichida "OFA Intizom kodeksi"dan kelib chiqib, "OʻzPFL Tartib-intizom kodeksi" ishlab chiqildi. Uning Liga musobaqalariga tegishli qismi tahrirlangan boʻlsa-da, Liga Kodeksni takomillashtirishda "OFA Intizom kodeksi"da belgilab qoʻyilgan qoidalar majmuasidan chekinmaslikka hamda ularga zid boʻlgan oʻzgartirishlar kiritmaslikka e'tibor qaratdi.
Chunki, OʻzPFL Tartib-intizom qoʻmitasi endilikda Liga bayrogʻi ostidagi musobaqalarni tartibga solishda birinchi instansiya boʻlsa, klub uning qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, mavjud ishni koʻrib chiqish uchun apellyatsiya tartibida OFA Tartib-intizom qoʻmitasiga oshirish huquqini saqlab qoladi. Shuningdek, Assotsiatsiya Nizomida belgilanganidek, OFA Apellyatsiya qoʻmitasi ham futbol klublari murojaat qilishi mumkin boʻlgan instansiya ekanligi inobatga olinadi.
Kodeksni ishlab chiqishda Liga oʻziga qarashli boʻlgan musobaqalar doirasidagi ehtimoliy holatlarga e'tibor qaratdi. Shuningdek, jarimalar miqdori optimallashtirildi, diskvalifikatsiya masalasi aniqlashtirildi.
Endilikda Qoʻmita har qanday intizomiy masalani operativ koʻrib chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu, oʻz navbatida, musobaqalar intensivligiga mos keladi.
Bunda bitta asosiy jihatga e'tibor qaratish lozim: Kodeksda nazarda tutilgan holatlarni koʻrib chiqishda subyektni Musobaqadan chetlatish, ochkolardan mahrum qilish, uchrashuv natijasini bekor qilish, olti va undan ortiq oʻyin yoki ikki oydan uzoq muddatga chetlatish, uchrashuvni tomoshabinlarsiz oʻtkazish, shuningdek, boshqa turdagi ogʻir intizomiy choralarni qoʻllash zarurati vujudga kelsa, ish har qanday holatda ham OFA Tartib-intizom qoʻmitasiga oshiriladi. Bungacha boʻlgan masalalar esa Liga huzuridagi qoʻmita tomonidan tartibga solinadi.
Qoʻmita tarkibi klublar bilan kelishuv asosida besh turli yoʻnalish mutaxassislarini qamrab oladi: sobiq futbolchi, murabbiy, bevosita hakamlik sohasida faoliyat yuritgan shaxs, Liganing Sport yoʻnalishi boʻyicha mutaxassisi va media sohasi vakili", — deyiladi xabarda.