Mirko Yelichich: Bugun jamoamizga maʼlum darajada bosim borligi sezildi
Superliganing 17-turida «Lokomotiv» klubi Qoʼqonda 2:1 hisobida magʼlubiyatga uchradi. Oʼyindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Biz ikki marta xatoga yoʼl qoʼydik va bu xatolardan keyin ikki gol oʼtkazib yubordik. Аlbatta, bu qiyin holat. Lekin umuman olganda, jiddiy muammo yoʼq edi, oʼyin nazoratimiz ostida boʼldi. Maydon, albatta, yaxshi holatda emas edi. Shunday maydonda munosib futbol namoyish etgan yigitlarimizga rahmat. Аlbatta, men uchun uch ochkoni qoʼldan chiqarish yoqimsiz. Chunki oʼyin nuqtai nazaridan, yigitlarning harakati va intilishini hisobga olsak, bu natija alamli.
Bugun jamoamizga maʼlum darajada bosim borligi sezildi. Bu, ayniqsa, oʼyinning boshida biroz koʼrindi. Bunday vaziyatdan qochib qutulib boʼlmaydi — bu real holat. Shuning uchun ogʼir vaziyatda oʼzlarini qoʼlga olib, xatolarini toʼgʼrilay olgan futbolchilarimizga minnatdorchilik bildiraman.
- Temurxoʼja Аbduholiqovning oilasida yuz bergan yoʼqotish jamoaning strategik vazifalariga qay darajada taʼsir qiladi?
- Tima statistik koʼrsatkichlar boʼyicha bu yil ligadagi eng yaxshi futbolchilardan biri. U bizga nafaqat statistikasi bilan yordam beradi, balki jamoadagi inson sifatida ham juda katta ahamiyatga ega. Bazada unga nisbatan boʼlgan hurmatni ham alohida taʼkidlash mumkin. Аlbatta, bu biz uchun katta yoʼqotish. Futbolda bunday holatlar boʼlib turadi. Endi biz bu vaziyatni qanday toʼgʼrilash va oldinga qanday yoʼl topish haqida oʼylashimiz kerak.
Аlbatta, bu yoqimsiz holat. Futbolchini nafaqat jismoniy jihatdan yoʼqotish, balki psixologik tomondan ham taʼsir qiladi.
- Nikita oʼz vazifalarini qay darajada bajara oladi? U toʼliq kuch bilan oʼynay oladimi?
- Nikita ancha vaqt oʼynamagan. Lekin, bilasizmi, har qanday futbolchiga boʼlgani kabi, unga ham vaqt kerak. Hozir u oʼzini ancha qulay his qilyapti. Vaqt oʼtishi bilan oʼziga boʼlgan ishonchi ham ortadi.
Bu tez hal boʼladigan jarayon emas. Buning uchun unga oʼyin amaliyoti kerak. U koʼp oʼynamagan, asosan dublь tarkibida maydonga tushgan. Аlbatta, dubldagi daraja boshqacha — muhit ham, bosim ham asosiy jamoadagidek emas. Lekin uning hozirgi vaziyatdayoq maydonga tushayotgani oʼzi uchun yaxshi. U darhol, boshqalar kutganidek, yuqori darajada oʼyin koʼrsata olmasligi tabiiy. Buning uchun unga vaqt va oʼyin amaliyoti kerak», - deya Yelichichning soʼzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.