Mirjalol Qosimov: «Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinimizni kuchaytirishdi»
Olmaliqning OKMK klubi yozgi yig‘indan juda yaxshi holatda qaytganini natijalari orqali ko‘rsatmoqda. O‘tgan turda «Navbahor» 3:2 hisobida mag‘lub etilgandi. Bu turda OKMK vodiyning boshqa bir klubi – «Qo‘qon-1912» mehmoni bo‘lib, safardan 1:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.
Bu albatta olmaliqlik muxlislarni ham xursand qilmasdan qolmayapti. Jamoa ancha barqaror va ishonchli o‘yin namoyish qilyapti.
O‘yindan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov yirik g‘alaba haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Albatta, qiyin o‘yin bo‘lishini kutgandik, shunaqa ham bo‘lib chiqdi. Nimagaki, har doim vodiyda, qolaversa, Qo‘qonda qiyin o‘yin kechadi. Birinchi bo‘limda ham yetarlicha qarshi o‘yin ko‘rdik. Boshida 15 daqiqacha yomon o‘ynadik. Mezbonlar o‘yinni o‘z qo‘liga olib xavfli vaziyatlarga ega bo‘ldi. Lekin ikkinchi bo‘limda tezkor golimiz ham bizni foydamizga ishladi. Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalandik. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz. Qo‘rqayotganim, tanaffus juda katta bo‘ldi. Jamoa barqaror o‘ynaydimi-yo‘qmi, degan ma’noda ham fikr bor edi. Ammo futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman, ular o‘zlarini yaxshi tarafdan ko‘rsatishdi. Fursatdan foydalanib, Olmaliqdan kelib bizni qo‘llab-quvvatlashgani uchun rahmat. «Qo‘qon-1912» jamoasiga keyingi uchrashuvlarda omad tilaymiz.
- Ikkinchi bo‘limda jamoangizni o‘yini birdaniga yaxshi tomonga o‘zgarib ketdi. Bu Nodir Abdurazzoqovni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilishi bilan bog‘liqmi?
- Yo‘q, men bunday demagan bo‘lardim. Lekin har bir o‘yinchi o‘ziga yarasha jamoaga o‘z hissasini qo‘shadi. Bu jamoaviy o‘yin. Asadni goli ham qaysidir ma’noda yanada kuch bag‘ishladi. Futbolchilar yaratilgan imkoniyatlarni golga aylantirishdi. O‘tgan o‘yinda ham zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinimizni kuchaytirishgandi, bu o‘yinda ham. O‘zi shunaqa bo‘lishi kerak-da! Maydonga tushganda o‘yinni kuchaytirib, yaxshi taraflarini ko‘rsatishlari lozim.
- Yozgi transfer oynasi hali yopilgani yo‘q. Jamoaga yana yangi futbolchilar jalb qilinadimi?
- Zo‘r bo‘lsa, nimaga yo‘q? Hali imkoniyat bor. Hozircha shu o‘yinchilardan foydalanib turiladi», - deya Qosimovning so‘zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.