«Manchester Siti» «Chelsi»ga qarshi magʻlubiyatsiz seriyasini 14 ta oʻyinga yetkazdi
Angliya Kubogining 2025/2026 yilgi mavsumi finalida «Manchester Siti» «Chelsi» ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozonib, bosh sovringa ega chiqdi. Londonning «Uembli» stadionida bosh hakam Darren Ingland boshqaruvida oʻtgan bahsdagi ushbu natija «shaharliklar»ning londonliklarga qarshi dahshatli seriyasini davom ettirdi.
Pep Gvardiola shogirdlari «Chelsi»ga qarshi rasmiy musobaqalardagi soʻnggi 14 ta oʻyinning birortasida ham magʻlub boʻlishmadi. Ushbu uchrashuvlarning 12 tasida «Siti» gʻalaba qozongan boʻlsa, 2 ta oʻyinda durang qayd etilgan.
«Koʻklar» «Manchester Siti»ni oxirgi marta bundan 5 yil avval — 2020/2021 yilgi mavsum UEFA Chempionlar Ligasi finalida (1:0) magʻlub etishgan edi. Oʻshanda oʻyindagi yagona golga yarim himoyachi Kay Haverts mualliflik qilgandi.
Mazkur gʻalaba «Manchester Siti» uchun Gvardiola davridagi uchinchi Angliya Kubogi boʻldi. Umuman olganda, ispaniyalik mutaxassis jamoa boshqaruvidagi 10 yillik faoliyati davomida oʻzining 20-sovrinini qoʻlga kiritdi.