Maksim Shatskix: Toʻgʻri, gʻalabaga erisha olmaganimiz chakki boʻldi, lekin futbolchilar ishtiyoq bilan harakat qilishdi
“Andijon” - “Buxoro” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida burgutlar ustozi Maksim Shatskix ishtirok etdi.
- Toʻgʻrisini aytsam, oʻyin menga yoqdi. Xavfli vaziyatlarni koʻp yarata olmagandirmiz, biroq oʻyin tashkil qilish va uning sifatidan koʻnglim toʻldi. Toʻgʻri, gʻalabaga erisha olmaganimiz chakki boʻldi, lekin futbolchilar ishtiyoq bilan harakat qilishdi. Ulardan minnatdorman. Raqib ham yaxshi jamoa, ular Oʻzbekiston Kubogi finalchisi. Biz finalchilarga qarshi maydonga tushdik. Qiziqarli va kurashlarga boy oʻyin guvohiga aylandik.
- Gʻalaba uchun nima yetishmadi?
- Gollar yetishmadi. Gʻalaba uchun gollar kerak va toʻp oʻtkazib yubormaslik lozim.
- Zaxiradan koʻp oʻyinchi tushirilmadi. Umuman, maydonda oʻynagan oʻyinchilarning harakatlariga qanday baho berasiz?
- Yana qaytaraman: bugungi oʻyindan qoniqdim. Almashtirishlar me’yorida. Taqvim tigʻiz, biz endi safarga chiqamiz va muhim oʻyin kutmoqda. Eʼtiborimizni endi shunga qaratamiz. Umuman olganda, zaxiradan tushganlar yaxshi harakat qilishdi, yomon emas.
- “Andijon”ni endi Bahraynda oʻyin kutmoqda. Boʻlajak uchrashuv oldidan jarohat olganlar yoʻqmi, tayyorgarlik qanday boʻladi?
- Xudoga shukurki, jarohatdagi oʻyinchilar tiklanishdi. Zoteyev ham, Mamatkazin ham mashgʻulotlarda qatnashishyapti. Ular koʻngildagidek harakat qilishsa, natijalarimiz ham ijobiy koʻrinish olishi mumkin. Zoteyev jamoa bilan safarga ketadi, Mamatkazinga yana biroz vaqt kerak. Balki ertaga oʻrinbosarlar bahsida 45 daqiqa oʻynatib koʻrarmiz.
- Otabek Joʻraqoʻziyevni oʻyinidan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Ha, qoniqyapman.