Joze Mourino: «To‘p bizda bo‘ldi, paslar berdik, lekin jarima maydoniga kira olmadik»
Joze Mourino «Alaves»ga qarshi o‘yin (1:2) haqida fikr bildirdi:
«Biz himoyada juda zich o‘ynagan va to‘pni egallab olgach, pas berishga intilmagan jamoaga qarshi o‘ynadik. Ularning maqsadi to‘pni nazorat qilish emas, balki hujumchilarga uzun paslar uzatish va qarshi hujumlarga o‘tish edi. Bizga esa jarima maydonidagi faollik yetishmadi.
Biz paslar berdik, ammo hududni nazorat qila olmadik. Shuning uchun Espi bunday raqibga qarshi yordam berishi mumkin, deb o‘yladim. Bu orqali uni tanqid qilmoqchi emasman.
To‘p bizda bo‘ldi, paslar berdik, lekin jarima maydoniga kira olmadik. Bernardu va Arda maydonda bo‘lganida, jamoa bo‘sh hudud topa olmadi. Chunki ikkalasi ham to‘p bilan o‘ynashni yaxshi ko‘radigan, o‘xshash xususiyatlarga ega futbolchilar. Bundan tashqari, jarima maydonidagi faolligimiz ham yetishmadi.
Espini maydonga tushirganimda, ikkita variantim bor edi: Arda yoki Vinisiusni almashtirish. Diomande bir qanotda, Vinisius esa ikkinchi qanotda o‘ynasa, hujumimiz kengroq bo‘ladi, deb hisobladim. Arda va Bernardu esa bir xil vazifani bajarayotgan edi.
Kike o‘z rejasini amalga oshirdi. Bu biz uchun kutilmagan holat bo‘lmadi. Kecha mashg‘ulotda ham himoyaviy futbol o‘ynaydigan jamoaga qarshi bahsga tayyorlandik.
Raqibga hakamning vaqt cho‘zishlarga juda yumshoq munosabatda bo‘lgani ham qo‘l keldi. Bu haqda ko‘p gapirmoqchi emasman, ammo hakam aniq qoidani qo‘llamadi: agar murabbiylar shtabi vakili to‘pni maydonga uloqtirsa, bosh murabbiy qizil kartochka olishi kerak. Ular ikki marta shunday qilishdi, hakam esa bunga ham, vaqt cho‘zishlarga ham juda yumshoq munosabatda bo‘ldi.
Bu orqali ular o‘yin sur’atini pasaytirdi, sof o‘yin vaqtini qisqartirdi va bizning vazifamizni qiyinlashtirdi.
Kikeni tanlagan taktikasi bilan tabriklayman. Unga aytadigan yagona e’tirozim — to‘plarni maydonga uloqtirishdek nomaqbul harakat. Futbolda bunday ishni endi hech kim qilmaydi».
Jud Bellingemning penalti bekor qilinishi va maydondan chetlatilishi haqida:
«Penalti belgilanishi kerak yoki kerak emasligini murabbiylar skameykasidan turib baholash qiyin. Menimcha, u yerda qoidabuzarlik bo‘lmagan. Ammo o‘yindan keyin Jud penalti bo‘lganini aytdi. Agar futbolchining o‘zi penalti bo‘lgan desa, men unga ishonishim kerak.
Bu hakam... kelasi mavsumda kimni maydondan chetlatishini ko‘ramiz. Ikki mavsum oldin Mbappeni, o‘tgan mavsumda Vinisiusni, bu mavsumda esa Bellingemni chetlatdi. Kelasi mavsumda Kurtuani ham chetlatmasmikan?
Bu hakamning o‘ziga xos jihatlari bor... u o‘z hokimiyatini namoyish etishni, o‘zini favqulodda shaxs qilib ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi.
Biz hakam tufayli mag‘lub bo‘ldik, demoqchi emasman. Ammo aniq qoidalar bor va bu haqda UYEFAning o‘zi ham aytadi: oyoqni bosish — sariq kartochka, qo‘l bilan o‘ynash — sariq kartochka, futbolkani tortish — sariq kartochka.
Mbappening futbolkasidan tortgan o‘yinchi esa sariq kartochka olmadi. Bu meni jahlimni chiqardi».