locale OZ

Islom Ismoilov: «O‘ylaymanki, bu murabbiy bilan «Andijon» jamoasi hali ko‘plab yutuqlarga erishadi»

«Bobur arena»da bo‘lib o‘tgan «Andijon» - «Neftchi» (0:3) o‘rtasidagi vodiy derbisidan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Islom Ismoilov qatnashdi.
Islom Ismoilov: «O‘ylaymanki, bu murabbiy bilan «Andijon» jamoasi hali ko‘plab yutuqlarga erishadi»
photo: Andijon fk
O‘zbekiston Superligasi
13.08.2026, Yak.
Andijon
0
Neftchi Fargona
3

«Bobur arena»da bo‘lib o‘tgan «Andijon» - «Neftchi» (0:3) o‘rtasidagi vodiy derbisidan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Islom Ismoilov qatnashdi.

— Birinchi navbatda ajoyib g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Stadionda ajoyib atmosfera hosil qilishdi. Xuddi uyda o‘ynagandek bo‘ldik. O‘yin og‘ir o‘tishi aniq edi. Sababi, vodiy derbisi va ikkala jamoa ham hujumkor futbol o‘ynaydi. Shunga qaramasdan g‘alaba qozondik. Lobanovskiyning gapi bor: natija qoladi, o‘yin unutiladi. Ba’zi paytlarda sifatsiz yoki yaxshi o‘ynamasdan ham natija muhim hisoblanadi.

O‘yindan oldin futbolchilarimizga bergan ko‘rsatmamizda ko‘proq o‘yin intizomiga e’tibor qaratdik. Bunga sabab bo‘ladigan juda ko‘p omillar bor edi. Uchrashuvni yuqori intensivlikda boshlay olmasdik. Shuning uchun intizom muhimligini tushunib turdik.

Birinchi taymda «Andijon» jamoasi tashabbusga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biz ularga o‘ynash uchun imkoniyat berdik. Bu oldindan ishlab chiqilgan rejaga asosan edi. Ikkinchi taymda ozgina tempni ko‘tardik va o‘z o‘yinimizni o‘ynashni boshladik. Raqibni xatolar qilishga majbur qildik.
Himoyadan pas bilan chiqib ketishga harakat qildik. Maydon sifati bunga yo‘l qo‘ymasdi va ko‘proq uzun paslarga o‘tdik. Qisqa paslarimizni raqib jarima maydoni atrofida qilishga harakat qildik. Havoda to‘p uchun kurashlarda ko‘proq ikkinchi to‘plarni yutqazib qo‘ydik. Birinchi taymda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlandi.

Tanaffusdan keyin o‘zimizni pressing uslubimizga qaytishga qaror qildik. Shu bilan raqibni ko‘p xato qilishga majbur qildik.
Umuman olganda, «Andijon» jamoasi ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Yaxshi murabbiy ishlayapti. O‘ylaymanki, bu murabbiy bilan «Andijon» jamoasi hali ko‘plab yutuqlarga erishadi.

— Usmonali Ismonaliyevning qizil kartochka olishi o‘yin natijasiga ta’sir qildi, deb o‘ylaysizmi?

— Bu futbol, har narsa bo‘lishi mumkin edi. Balki raqib 11 futbolchi bilan o‘ynaganda ham o‘z golimizni urishimiz mumkin edi. O‘sha holatgacha bo‘lgan vaziyatni oladigan bo‘lsak, ikkinchi taymni hujumkorlik bilan boshladik va raqibni aynan shu holatda xato qilishga majbur qildik.
O‘sha vaziyatga yaqin turgandim. Raqib ataylab qo‘pol o‘ynamagandi, ammo bu qoida va u hamma uchun bir xil. Qonun-qoida bo‘yicha bu 100 foiz qizil kartochka edi. Balki bu ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz yigitlarga ishondik va ishlab chiqilgan rejamiz ham bor edi. Baribir birinchi taymga nisbatan ikkinchi taymda o‘yinimizni kuchaytirmoqchi edik.

— Bungacha asosan himoyachi sifatida o‘ynagan Muhsin Ubaydullayev bugun yarim himoyada o‘ynadi. Bu taktikangizmidi?

— Ha, bu jarohatlar bilan bog‘liq. Jarohatlar ko‘payib ketdi. Yovan Jokich, Abror Ismoilov, Anvar G‘ofurov, bugun mana Ratinyo jarohat oldi. Bunaqa holatda jamoa keyingi o‘yinlarga qanday tayyorgarlik ko‘radi? Asosiy yetakchi futbolchilarimiz bitta-bitta safdan chiqishyapti. Bizda boshqa imkoniyat yo‘q edi. Ikrom Aliboyevni nima uchun zaxirada qoldirgandik? Chunki unda sariq kartochkalar soni uchta edi. «Buxoro» bilan uchrashuvni hisobga olgan holda uni zaxirada ushlab turgandik. Afsuski, u ham bugun to‘rtinchi sariq kartochkasini oldi va yana bir o‘yinchimiz safdan chiqdi.
Muhsin bu pozitsiyada o‘ynagan. Bunga o‘tgan uchrashuvda tayyorgarlik ko‘rishni boshlagandik. «Qizilqum»ga qarshi oxirgi 20 daqiqalikda aynan «Andijon» uchun tayyorgarlik sifatida o‘zgarishlarni qilganmiz va o‘sha holatda Muhsin o‘zini oqlagan.

— Yosh futbolchi Abdug‘aniyevning o‘yini haqida fikringiz?

— Insonni quvontiradi. Buning ustiga birinchi o‘rinda ketayotgan «Neftchi»dek jamoada bunday futbolchining o‘ynashi o‘zi uchun katta yutuq. Murabbiy sifatida biz ham katta tavakkalchilikka qo‘l uryapmiz. Bizda boshqa imkon ham yo‘q. Hozirga qadar berilgan ishonchni to‘liq oqlayapti. Ishlashdan to‘xtamasa, u ham Husаnov darajasidagi yuqori saviyadagi himoyachi bo‘ladi. 18 yoshida Superligada ishonchli o‘ynayapti. Ungacha 3-4 ta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa, birorta xato qilmagan.

— Yozgi seleksiyada «Andijon» «Neftchi» futbolchilari — Izzatillo Po‘latov va Asilbek Jumayevga qiziqqan ekan. Ularning mahoratini yanada oshirish maqsadida «Andijon»ga bersa bo‘lmasmidi?

— Po‘latovni bermoqchi bo‘ldik, keyinchalik «Andijon» buni xohlamadi. Asilbek Jumayevga kelsak, bizda Abror Ismoilov jarohat olgandan keyin iloji yo‘q bu pozitsiyaga o‘yinchi ushlab turishimiz kerak edi.

— O‘zingiz aytganingizdek, bir qator o‘yinchilar jarohat olib safdan chiqyapti. OCHL Elit musobaqasida bunday yo‘qotishlar bilan qanday ishtirok etmoqchisizlar?

— Hayronman. Bu bo‘yicha murabbiylar shtabi bilan yana maslahat qilamiz. Hozir bir nima deyish qiyin. Har bir uchrashuv og‘ir o‘tyapti. Bunday yo‘qotishlarga uchrayversak, iloji yo‘q, yoshlarga ham ko‘proq imkoniyat beramiz.
Lekin vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Yozgi tanaffusdan keyin o‘yinlar yanada qiyin o‘tyapti. Qayerdadir ochko, qayerdadir futbolchilarni yo‘qotyapmiz. Umid qilamanki, bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Nasib qilsa, OCHL Elit musobaqasigacha barcha o‘yinchilar to‘liq safga qaytishadi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting