locale OZ

14-sentabr kuni Neftchi OFK Elit Chempionlar ligasidagi yurishini boshlaydi

Farg‘onaliklar dastlabki turda o‘z maydonida Iroqning Al Quva Al Joviya klubini qabul qiladi.
14-sentabr kuni Neftchi OFK Elit Chempionlar ligasidagi yurishini boshlaydi
photo: gettyimages
Osiyo Chempionlar Ligasi
14.09.2026, Yak.
Neftchi Fargona
1
Al Quwa Al Jawiya
0

14-sentabr kuni Neftchi OFK Elit Chempionlar ligasidagi yurishini boshlaydi. Farg‘onaliklar dastlabki turda o‘z maydonida Iroqning Al Quva Al Joviya klubini qabul qiladi.

Keling, Neftchining dastlabki raqibi haqida biroz to‘xtalamiz.

Al Quva Al Joviya Iroqning eng qadimiy va sovrindor klublaridan biri hisoblanadi. Bag‘dod jamoasi 1931-yilda tashkil topgan bo‘lib, klub nomi arabchadan Havo kuchlari ma’nosini anglatadi. Jamoa muxlislar orasida Al Suqur, ya’ni Lochinlar laqabi bilan ham mashhur.

Al Quva Al Joviya Iroq futbolining tarixiy grandlaridan biri sanaladi. Klub mamlakat chempionatida 8 marta g‘olib chiqqan, shuningdek, 6 marta Iroq kubogini qo‘lga kiritgan.

Bag‘dodliklar xalqaro maydonda ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Al-Quva Al-Joviya 2016, 2017 va 2018-yillarda ketma-ket uch marta OFK kubogida g‘olib chiqqan. Jamoa 2016-yilgi finalda Hindistonning Bengaluru klubini 1:0, bir yil o‘tib Tojikistonning Istiqlolini 1:0, 2018-yilda esa Turkmanistonning Oltin Asr jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etgan. Shu tariqa Iroq klubi OFK kubogini ketma-ket uch marta qo‘lga kiritgan ilk jamoaga aylangan.

Al Quva Al Joviya tarkibida Iroq futbolida katta tajribaga ega mahalliy futbolchilar bilan bir qatorda bir qator legionerlar ham faoliyat olib bormoqda. Tunislik hujumchi Haythem Jouini, nigeriyalik Antoni Okpotu, Kongo DR vakili Tuisila Kisinda hamda argentinalil Tomas Andrade shular jumlasidan.

Jamoaning mahalliy futbolchilari orasida Iroq milliy terma jamoasida o‘ynash tajribasiga ega futbolchilar ham bor. Xususan, yarim himoyachi Saad Abdulamir uzoq yillar davomida Iroq terma jamoasi sharafini himoya qilgan va xalqaro maydonda katta tajribaga ega.

Al Quva Al Joviya O‘zbekiston klublari uchun ham begona raqib emas. Bag‘dodliklar avvalgi yillarda OFK musobaqalari doirasida mamlakatimiz vakillariga qarshi 7 marta maydonga tushgan. Endilikda Iroqning nomdor klubi ilk bor Neftchi bilan xalqaro maydonda ro‘baro‘ kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan Neftchi — Al Quva Al Joviya uchrashuvi 14-sentabr kuni soat 18:45 da start oladi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting