Hazratjon Tursunqulov: «Ko‘p vaziyatlardan foydalana olmadik. Shu sabab mag‘lub bo‘ldik»
Superliga 29-turida "Xorazm" safarda "Andijon"ga qarshi o‘ynab, 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Hakim Fuzaylov boshqaruvidagi urganchliklarning 2-goliga Hazratjon Tursunqulov mualliflik qildi. U uzoq masofadan chiroyli tarzda Mohirbek Komilov darvozasiga yo‘l topdi. O‘yindan so‘ng Tursunqulov Sports24.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
- Hazratjon, "Andijon"ga qarshi o‘yindan keyingi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashasizmi?
- O‘yin umumiy hisobda yaxshi o‘tdi. Raqib ham kuchli tayyorgarlik qilgani sezildi. Maydonda kurash ko‘p bo‘ldi, vaziyatlar ham ikkala jamoada yetarlicha yaratildi. "Andijon"da omadli ekan, g‘alabani ilib ketdi. Ammo mezbonlarga qarshi oxirigacha kurashdik.
- Kamida durang qayd etish uchun nima yetishmadi?
- Yuqorida aytganimdek, gol urish uchun ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik, afsuski, ulardan foydalana olmadik. Shu sabab uchinchi golni urishga qiynaldik. Ba’zi epizodlarda yakuniy zarba yoki pas aniq bo‘lmadi. Ehtimol, yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanganimizda g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Bo‘lib o‘tgan ish o‘tdi, endi keyingi o‘yinga e’tibor qaratamiz.
- "Andijon" darvozasiga chiroyli gol urdingiz...
- Bu gol jamoaning mehnati evaziga keldi. Gol urilgan vaziyatda men shunchaki vazifamni bajardim. Jamoadoshlarim qo‘llab-quvvatlashi sabab hisobni qisqartiruvchi golga mualliflik qildim.
- "Xorazm" ligadan qolish uchun pley-offda qatnashadi. Bunga jamoa qanchalik tayyor?
- Albatta, jamoamizning bunga kuchi yetadi. Biz hamma diqqatimizni pley-offga qaratganmiz. "Xorazm"ning yagona maqsadi Superligada qolish. Shu sabab bo‘ladigan bahslarga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. O‘ylaymanki, buni uddalashimiz mumkin. Men jamoamga to‘liq ishonaman.
- Ammo safarga boriladi. Bu qanchalik qiyinchilik tug‘dirishi mumkin?
- Rostini aytsam, safardagi o‘yinlar har doim oson bo‘lmaydi. Qaysi stadionda bo‘lishidan qat’i nazar, maydonga faqat va faqat g‘alaba uchun tushamiz. Garchi raqiblarimiz uyda o‘ynayotganidan ustunlik qilishi mumkin. "Xorazm" ham o‘z kuchiga ishonadi va muvaffaqiyat qozona olamiz”, – dedi Tursunqulov.