Abror Xusainov: «Xarakter evaziga g‘alaba qozondik»
Superligada qolish uchun o'tish bahsida "Xorazm" "Buxoro"ni mag'lub etdi. Natijada Hakim Fuzaylov shogirdlari 2026 yilda ham Superligada ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi. Bahs qahramonlaridan biri bo'lgan Abror Xusainov Sports24.uz muxbiriga o'z fikrlarini bildirdi.
«Avvalambor barcha muxlislarimizni g'alaba bilan tabriklayman. “Buxoro” bilan og'ir o'yin bo'lishini juda yaxshi bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik. Maqsadimiz faqat g'alaba edi. Birinchi bo'limda o'zimiz kutgan darajada o'yin ko'rsata olmadik, harakatlarimiz qovushmadi. Tanaffusdan so'ng jamoa xarakter ko'rsata oldi. Aynan shu sabab g'alaba qozondik.
Gol urgani vaziyatimga kelsak. Odatda muhim bahslarda gol urish doimo yoqimli. Agarda u jamoaning muvaffaqiyatiga foyda keltirsa, yanada yaxshi.
Yuqorida aytganimdek, g'alaba qozonish yo'lida oxirigacha harakat qildik. G'alabaga bo'lgan ishtiyoqimiz va ishonchimiz bor edi. O'ylayman, qilgan mehnatlarimizga yarasha taqdirlandik deb o'ylayman.
To'g'risi, yakunlangan mavsum jamoamiz uchun bir tekis kechmadi. Qaysidir vaziyatlarda o'yinimiz qovushmadi. Omadimiz ham kelmadi. Natijada ko'p ochko yo'qotdik. Shunday bo'lsa-da, Superligada qolish vazifasining uddasidan chiqdik. Bundan juda xursandman. Hech bir o'yin oson kechgani yo'q. Juda og'ir qarama-qarshiliklarda ishtirok etishimizga to'g'ri keldi.
Bosh murabbiy Hakim Fuzaylovning oilasida ta'ziya bo'lib qolganligi sabab “Buxoro”ga qarshi bellashuvda ko'rinmadi. Lekin jamoani to'liq qo'llab-quvvatladi va doimiy ravishda aloqada bo'lib, o'yinchilarni ruhlantirib turdi", - dedi Xusainov.