Vinisius nima uchun «Real»ni tark etishni istayotgani maʼlum boʻldi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Vinisius Junior jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, braziliyalik vinger madridliklar safini tark etish haqida jiddiy oʻylamoqda. Futbolchining fikricha, uning jamoaga qoʻshgan hissasi yetarlicha qadrlanmayapti, shuningdek, bosh murabbiy Xabi Alonso bilan munosabatlar tobora keskinlashib bormoqda.
Qayd etilishicha, Vinisius oʻzini Alonsoning oʻyin rejasiga toʻliq mos futbolchi sifatida his qilmayapti. Ularning oʻrtasidagi kelishmovchilik, ayniqsa «Barselona»ga (2:1) qarshi oʻtgan «El Klasiko» paytida avj olgan.
Maʼlumot uchun, Vinisius Juniorning «Real» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakuniga yetadi. Uning Transfermarkt'dagi narxi 150 million yevroga baholanmoqda.