Vadim Abramov: Mavsum tugayapti, jamoamiz yuqori oʻrinda ketyapti. Bu imkoniyatdan foydalanish kerak
“Dinamo” - “Andijon” (2:0) bahsidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Vadim Abramov qatnashdi.
- Doimgidek, mavsum tugayotganda oʻyinlar qiyin oʻtadi. Ikkinchi golni urganimizdan soʻng biroz xotirjamlikka berildik. Raqibga imkoniyatni berib qoʻydik. Ularni ham bir qator kuchli jihatlari bor. Darvozamiz tomonda koʻp burchak zarbalari amalga oshirildi. Oʻyinni tashlab qoʻyganimizdan keyin raqibga imkoniyatni boy berdik va bir qator xavfli vaziyatlarni yaratishdi. Biz albatta muxlislarimiz uchun oʻynaymiz. Oʻyinni yanada koʻproq nazorat qilishimiz kerak.
- Birinchi boʻlimdan keyin Ulugʻbek Hoshimovni almashtirdingiz. Uning oʻyini haqida nima deya olasiz?
- Jarohatidan qaytganidan soʻng birinchi oʻyini edi. Bilamizki, asta-sekin tiklanib boradi. Shu sababli uni almashtirdik.
- Bu “Dinamo”dagi 101-oʻyiningiz boʻldi va muxlislar sizni gʻalaba bilan tabriklashdi.
- Toʻgʻrisi, men bu haqida bilmasdim. Statistika bilan shugʻullanmayman. Albatta, bu ancha yoqimli va buning uchun hammaga rahmat. Xursandman. Shu bilan birga yigitlarga mehnati uchun katta rahmat. Ayniqsa, yubiley uchrashuv doim qiyin oʻtadi.
- Bir qator oʻyinchilarga yetakchi jamoalardan takliflar boʻlayotganini eshityapmiz. Masalan, Ratinoni ketishi mumkinligi haqida gap-soʻzlar bor.
- Gapingiz toʻgʻri boʻlishi mumkin. Chunki oʻyinchilarimizga boshqa jamoalardan takliflar boʻlayotgandir. Bizni vazifamiz ularni saqlab qolish. Koʻramiz, harakat qilamiz, hammasini vaqt koʻrsatadi. Hozirdan biror nima deyish qiyin. Chindan futbolchilarga takliflar boʻlyapti.
- Oxirgi ikkita oʻyin hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bunday imkoniyatni qoʻldan chiqarib yubormaslik kerak...
- Oldindan nima boʻlishi hech kim bilmaydi. Nima boʻlishini bilsang, oldindan rejalaringni yozib berar eding. Albatta, jiddiy yondashamiz. Mavsum tugayapti, jamoamiz yuqori oʻrinda ketyapti. Bu imkoniyatdan foydalanish kerak. Yigitlarni ham toʻgʻri tushunaman. Mavsum tugab boryapti, muxlislarimizni ranjitishni xohlamaymiz. Doim bizni qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz, ular uchun oʻynaymiz. Bu futbol, unda hamma narsa boʻlishi mumkin.
- Marko Stanoyevichni bugungi oʻyini haqida nima deysiz?
- Albatta, tarkibda bir qator yoʻqotishlar bor. Betoblanganlar koʻpayib ketdi. “Qoʻqon-1912” bilan oʻyingacha yaxshiroq tayyorgarlik koʻrishimiz lozim. Biz Markoga rahmat aytishimiz kerak. Jamoaga koʻp yordami tegyapti. Aqlli futbolchi. Biz undan yana koʻp narsa kutyapmiz. Kuchli tomonlarini bilamiz va u bilan rejalarimiz bor.
- Jamoa 6 ta oʻyindan 5 tasida gʻalaba qozondi. Tarkibda yoʻqotishlar ham bor. Qolganlarni qanday ruhlantiryapsiz?
- Bu borada menda katta tajriba bor. Qaysi jamoalar bilan ishlagan boʻlsam, bunday muammolar boʻlgan. Bu muammolardan chiqib ketish yoʻllarini yaxshi bilaman. Bu tajriba bilan bogʻliq.