Superliga. Andijon o'z uyida Mash'alni 2 to'p farqi bilan mag'lub qildi
Superliganing 4-turida “Andijon” jamoamiz o'z maydonida Muborakning “Mash'al” klubini qabul qildi.
Bosh murabbiy Samvel Babayan futbolchilarni uchrashuvga jiddiy tayyorladi va yakunda “Burgutlar” o'z maqsadiga erishishdi. O'yin davomida esa turli voqealar yuzaga keldi.
Jumladan, futbolchimiz Igor Golbanga raqib jiddiy jarohat yetkazdi va uning peshonasida yiritilish kuzatildi. Bosh hakam esa raqib o'yinchisini maydondan chetlatdi.
19-daqiqada hujumchimiz Martin Boake raqibning xatosidan unumli foydalanib, o'yinda hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi.
Bahs mobaynida ustunlikka erishgan “Andijon” raqib darvozasi oldida ko'plab imkoniyatlarni yaratdi. Zaxiradan maydonga tushrilgan Doniyor Abdumannopov 77-daqiqada raqib jarima maydoni ichiga kirib bordi va aniq zarbasi bilan hisobni oshirdi. Shuningdek, darvozabonimiz Rahimjon Davronov ham ayrim holatlarda o'z seyvini namoyish qildi.
Har qanday holatda ham g'alaba o'z nomi bilan g'alaba va “Andijon” muhim uch ochkoni o'z hisobiga yozib qo'ydi. Yurtimizda qo'shaloq bayramlar arafasidamiz: Ramazon Hayiti va Navro'z bayrami. Mana shunday shodiyonalarga jamoamiz ham o'z g'alabasi bilan muxlislarni xursand qildi va bayramga qo'shaloq tuhfa bo'ldi.
Endi “Andijon” keyingi o'yinini 3 aprel kuni safarda “Nasaf”ga qarshi o'tkazadi. Navbatdagi oʼyinda ham jamoamizga omad yor boʼlsin.
“Andijon” – “Mash'al” – 2:0 (1:0).
19 mart. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 4104 tomoshabin.
Hakamlar: Abdurashid Xudoyberganov, Shoxruh A'zamov, Azizbek Isaqov
Zaxira hakami: Olim To'ychiboev
VAR: Asker Najafaliev
AVAR: Xayriniso Erkinova
Nazoratchi: Olimjon Abduvasilov
Komissar: Oybek Davletmuratov
“Andijon”: Rahimjon Davronov, Igor Golban, Nemanya Chalasan, Islom To'xtaxo'jaev (Jamshid Boltaboev, 70), Mahmud Maxamadjonov, Aleksandr Andronikashvili (Muhammadkarim Toirov, 85), Damir Temirov, Po'ltaxo'ja Xoldorxonov (Doniyor Abdumannopov, 65), Azizbek Turg'unboev (Imeda Ashortia, 85), Dragan Cheran, Martin Boake (Xumoyunmirzo Iminov, 85).
“Mash'al”: Doston To'xtaboev, Samandar Ochilov (Viashima Ayagva, 46), Sherzod Fayziev, Zafar Akramov (Shaxboz Jo'raev, 76), Muhammadali Aliqulov (Nuriddin Nuriddinov, 44), Roman Xadjiev, Abdul Rashid Abubakar, Ergash Ismoilov, Ibrohim G'anixonov, Augustin Chidi Kvem (Vlatko Stoyanovski, 65), Xumoyun Murtazoev (Nurjahon Muzaffarov, 65).
Gollar: Martin Boake, 19 – 1:0. Doniyor Abdumannopov, 77 – 2:0.
Ogohlantirishlar: Po'latxo'ja Xoldorxonov, 17. Azizbek Turg'unboev, 45+6 – Ergash Ismoilov, 8. Zafar Akramov, 36.
Chetlatish: Ibrohim G'anixonov, 12.