«Sog‘lom raqobat borligi o‘sishimizga yordam beryapti» – Behruzbek Obloqulov
“Mash’al” – “Dinamo” (2:4) o‘yinida zaxiradan maydonga tushib, so‘nggi daqiqalarda Superligadagi ilk gollarini urib, jamoaga g‘alaba keltirgan Behruzbek Obloqulov uchrashuvdan so‘ng klub matbuot xizmatiga o‘yin taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Uchrashuv boshida xatolarga yo‘l qo‘ydik, lekin bolalar bilan tezda o‘zimizga kelib, murabbiyning gaplariga quloq soldik. Karlenovich shoshilmay o‘ynashni aytgandi. Yakunda o‘yinni qutqara oldik.
Yangi o‘yinchilar bilan moslashish? Zo‘r bo‘ldi, yangi o‘yinchilarning hammasi o‘yinimizga mos va to‘g‘ri keladigan edi, tezda qo‘shilib ketishdi. Ikkinchi davraga qo‘shilganlarning hammasi o‘zini ko‘rsatyapti. Kubokda ham, chempionatda ham maqsad yuqori.
Jamoada sog‘lom raqobat borligi bu – zo‘r, tajribalilar bilan raqobat o‘sishimizga yordam beryapti. Jamoada ahillik juda zo‘r, o‘sish bo‘lyapti”, – deydi jamoa vingeri Behruzbek Obloqulov.