Salim Mustafoevning jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o'tdi
“Dinamo” jamoasi sardori Salim Mustafoev bugun, 1 iyul kuni Istanbulda chap oyog'idan jarrohlik amaliyotini o'tkazdi.
“Qo'qon-1912” – “Dinamo” (2:3) uchrashuvida gol urib jamoamizning g'alabasiga katta hissa qo'shgan Salim Mustafoev birinchi bo'lim yakunida jiddiy jarohat olib maydonni tark etgandi. Chap oyoq paylari uzilishi tashxisi bilan futbolchimiz bugun Turkiyada malakali mutaxassislar ishtirokida jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o'tkazdi. Mustafoevning tiklanishi uchun bir necha oy talab etiladi.
“Butun jamoa va barcha muxlislar nomidan “Dinamo” jamoasi sardori va yetakchisiga tezroq tiklanib, safga qaytishini tilab qolamiz”, - deyiladi klub xabarida.