“Real Madrid” Tibo Kurtuaga o‘rinbosar topdi
Madridning “Real” klubi asosiy darvozaboni Tibo Kurtuaga kelajakda o‘rinbosar bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni izlashni boshladi. Ispaniya grandi e’tiborini Angliyaning “Brayton” klubida to‘p surayotgan niderlandiyalik Bart Verbruggen o‘ziga qaratgan. Madridliklar 24 yoshli darvozabonning rivojlanishini diqqat bilan kuzatmoqda. Bu haqda Germaniyaning Sport Bild nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Verbruggen Angliya Premyer-ligasidagi ishonchli o‘yinlari bilan Yevropaning bir qator yetakchi klublari e’tiborini tortgan. “Real Madrid” rahbariyati uning yoshligi, xalqaro tajribasi va kelajakdagi salohiyatini yuqori baholamoqda. Darvozabon yaqinda “Manchester Siti”ga qarshi uchrashuvda ham muvaffaqiyatli harakat qilib, jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan.
Shunga qaramay, Kurtuaning yaqin orada Madrid klubini tark etishi kutilmayapti. Belgiyalik darvozabon bilan shartnomani 2028-yilgacha uzaytirish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Verbruggenning “Brayton” bilan amaldagi kelishuvi ham aynan o‘sha yilda yakunlanadi. Shu sababli madridliklar uni kelajakdagi ehtimoliy transferlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Bart Verbruggen Niderlandiya terma jamoasi darvozaboni hisoblanadi. U 2023-yilda Belgiyaning “Anderlext” klubidan “Brayton”ga o‘tgan. “Real Madrid” uning nomzodini kuzatayotgan bo‘lsa-da, hozircha klublar o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlangani tasdiqlanmagan.