\"Qizilqum\" bosh murabbiyi jamoaga qaytdi
Navoiyning "Qizilqum" klubi bosh murabbiyi Nikola Lazarevich sog'lig'i yomonlashgani sababli mart oyi oxirida o'z yurtiga jo'nab ketgani haqida xabar bergandik. Sports24.uz ma'lumotiga ko'ra, kecha 15 aprel kuni Lazarevich to'liq tuzalib Navoiyga qaytib kelgan va mashg'ulotlarni o'zi olib bormoqda.
Eslatib o'tamiz, bosh murabbiy yo'qligida "Qizilqum" ikkita rasmiy uchrashuvda maydonga tushdi. O'zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasida "Andijon FA" yirik hisobda (4:0) taslim qilingan bo'lsa, Superliga 5-turida Navoiy klubi Toshkentda "Bunyodkor" bilan durang qayd etdi - 0:0.
"Qizilqum" navbatdagi bahsni 18 aprel kuni Superliga 6-turi doirasida Samarqandda "Qo'qon-1912"ga qarshi o'tkazadi. Mazkur bahsda Lazarevichning o'zi zaxira o'rindig'idan ko'rsatmalar berib boradi.