Pedri: «Qilgan xatolarimiz uchun jazolandik»
«Barselona» yarim himoyachisi Pedri «Real Madrid»ga qarshi El-Klasikodagi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoasining o‘yinini tanqid qildi. Ispaniyalik futbolchining fikricha, kataloniyaliklar birinchi bo‘limda o‘z darajasida harakat qila olmagan.
«DAZN» nashriga bergan intervyusida Pedri jamoa tanaffusgacha sust o‘ynaganini, ikkinchi bo‘limda esa vaziyatni yaxshilab, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi. Biroq «Barselona» raqibning qarshi hujumiga qarshi tura olmadi va yakunda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
«Birinchi bo‘limda to‘pni juda sekin harakatlantirdik va ko‘plab sodda xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bunday jamoalarga qarshi o‘ynaganda buning uchun jazolanamiz», — dedi Pedri.
Futbolchi keyingi uchrashuvlarda yaxshiroq natija ko‘rsatish zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa muxlislar uchun El-Klasikoda g‘alaba qozonishni istagan, ammo bu safar omad kataloniyaliklarga kulib boqmadi.
Shunga qaramay, Pedri chempionlik poygasi hali yakunlanmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, bitta El-Klasikodagi mag‘lubiyat La Liga chempioni kim bo‘lishini hal qilmaydi. «Barselona» endi bu uchrashuvni ortda qoldirib, navbatdagi o‘yinlarga e’tibor qaratishi kerak.