«Paxtakor» muxlislarning stadion sharoiti haqidagi shikoyatlariga javob qaytardi
Toshkentning "Paxtakor" klubi "An-Nasr"ga qarshi o‘tkazilgan OFK Elit Chempionlar ligasi uchrashuvidan keyin stadion sharoiti yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim muxlislar stadion o‘rindiqlarining holati hamda sektorlarga kirishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar haqida xabarlar tarqatgan edi.
Klub matbuot xizmatiga ko‘ra, "An-Nasr" bilan uchrashuv oldidan ko‘proq tomoshabinni qabul qilish maqsadida stadion tribunalarida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Jumladan, bir qator sektorlardagi o‘rindiqlar ta’mirlangan yoki almashtirilgan, ayrim qatorlar va o‘rindiqlarga raqamlar qo‘yilgan.
Biroq klub stadiondagi barcha o‘rindiqlarni yangilash ishlari hali yakuniga yetmaganini tan oldi. Qolgan ta’mirlash va raqamlash ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, uchrashuvdan avval yakshanba va dushanba kunlari stadion hududi hamda o‘rindiqlar tozalangani ta’kidlandi. Shunga qaramay, ayrim o‘rindiqlarning changlangani va eskirganlarini almashtirish zarurati mavjudligi inkor etilmadi.
"Paxtakor" klubi uchrashuvga tashrif buyurib, stadionda ajoyib muhit yaratgan barcha muxlislarga minnatdorlik bildirdi.