O'zbekiston va Tojikiston futzali: Hamkorlik yangi marralar sari
O‘zbekiston va Tojikiston milliy futzal terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini kuzatish, shuningdek, ikki mamlakat sport federatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida bugun Tojikiston futbol federatsiyasining rasmiy delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Toshkent shahriga yetib keldi.
Mehmonlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyati kutib oldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston futzal federatsiyasida ikki mamlakat futbol va futzal federatsiyalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston futzal federatsiyasi bosh kotibi Inamjon Marupov Tojikiston futbol federatsiyasi bosh kotibi Furqat Ahmedjonov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi futzal aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, futbol va futzal yo‘nalishidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, milliy, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari, shuningdek, futzal klublari miqyosida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv samimiy va ishchanlik ruhida o‘tdi. Tomonlar Markaziy Osiyoda futzalni yanada rivojlantirish, sport orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida Furqat Ahmedjonov Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy futzal terma jamoalari o‘rtasida an’anaviy xalqaro turnir tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur taklifning O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mintaqada futzal rivoji va mamlakatlar o‘rtasidagi sport hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.