Oʻzbekiston U-17 terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiy Islombek Ismoilov: \"Kambek bu yaxshi, ammo...\"
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonida oʻtadigan Osiyo kubogida ishtirok etmoqda. Islombek Ismoilov boshchiligidagi terma jamoamiz dastlabki ikkita uchrashuvda Tailand (4:1) va Xitoyni (2:1) magʻlub etib, chorak finalga chiqish bilan birgalikda Jahon chempionati yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritdi.
Endi oʻsmirlarimiz noyabr oyida Qatar mamlakatida oʻtadigan U-17 Jahon chempionatida ishtirok etishadi. Ammo Osiyo kubogi davom etmoqda va muhim bahslar hali oldinda. Terma jamoa ustozI Islombek Ismoilov bilan bog'landik va bir qator savollarga javob oldik.
– Avvalo, terma jamoamiz va Sizni mundial yoʻllanmasi bilan muborakbod etamiz.
– Tabrik uchun rahmat! Bu nafaqat mening yoki murabbiylar shtabining balki Oʻzbekistondagi barcha murabbiylarning yutugʻi hisoblanadi. Mana shu yigitlar bilan bir kun boʻlsa ham ishlagan murabbiylar tufayli Jahon chempionatiga chiqdik.
– Terma jamoa asosiy vazifani bajarib boʻldi – JCh yoʻllanmasi qoʻlga kiritildi. Shu bois keyingi oʻyinlarda boʻshashish holati kuzatilmaydimi, yigitlarni qanday ruhlantirasiz?
– Albatta, asosiy vazifa Jahon chempionatiga chiqish bajarildi. Lekin bu bizni xotirjamlikka undamasligi kerak. Futbolchilarga Xitoy bilan uchrashuvdan keyinoq taʼkidlab oʻtganmiz: emotsiyalarni nazorat qilish hamda Jahon chempionatiga chiqish bu faqat yoʻlning boshlanishi, oldimizdagi endi asosiy maqsad Osiyo chempioni boʻlish kerakligini. Endi bundan buyoqqa biz oʻz salohiyatimizni toʻliq koʻrsatishimiz kerak. Saudiya Arabistoni bilan oʻyin ham shunday sinov. Yigitlarda gʻalaba ishtiyoqi bor. Har bir oʻyindan-oʻyinga oʻsishni maqsad qilganmiz. Ruhiy boʻshashish yoʻq, aksincha, endi yanada katta ishtiyoq bilan oldinga harakat qilamiz.
– Koʻpchilik Tailand va Xitoy terma jamoalarini kuchsiz deb atamoqda. Bu fikrlarga qoʻshilasizmi?
– Guruhdagi dastlabki ikkita raqiblar kuchsiz emasdi. Tailand yaxshi raqib edi, tarkibida individual yaxshi futbolchilar bor edi. Oxirgi yillarda Xitoy futboli jadallik bilan rivojlanmoqda. Bu terma jamoani yaponiyalik mutaxassis Kenichi Uemura boshqarib bormoqda, shu bois Xitoy oʻsmirlarida murabbiy imzosi koʻrindi. Ikkala bahsga ham jiddiy tayyorlandik, ammo bizda biroz ruhiyat bilan bogʻliq muammolar kuzatildi. Baribir yigitlarimiz hali yosh, shu tufayli qaysidir holatlarda oʻyinimiz qovushmadi, qaysidir vaziyatlarda yaxshi oʻynadik. Barchasi ortda qoldi va biz ikkita oʻyinda ham gʻalaba qozona oldik.
– Agar guruhda 2-oʻrinni egallasak katta ehtimol bilan Yaponiya qarshi oʻynaymiz. Guruh bosqichini Saudiya Arabistonidan tepada tugatish qanchalik muhim?
– Bu juda muhim jihat. Raqib tanlash tufayli emas, turnirga tayyorgarlik koʻrgan strategiyamiz nuqtai nazaridan guruhda birinchi oʻrin biz uchun qulayroq boʻladi. Yaponiya har qanday yosh toifasidan qatʼiy nazar kuchli, tizimli va texnik jamoa. Ularni chorak finalda kutib olish ogʻir boʻladi. Saudiya Arabistoni ham oʻz maydonida oʻynayapti, bu ularga qoʻshimcha kuch beradi. Shu sababli biz bu oʻyinga ham maksimal darajada eʼtibor qaratamiz. Guruh gʻolibi sifatida keyingi bosqichga chiqish albatta biz uchun yaxshi boʻladi. Lekin shunga qaramasdan biz har qanday istalgan raqibga qarshi oʻynashga tayyormiz.
– Ikkita oʻyinda ham jamoangiz 80-daqiqadan keyin gollar urdi. Oʻzbekiston rostdan ham "Kambekiston"ga aylantimi?
– Umuman olganda oxirgi oʻyinlarimizda bu odatiy holga aylanib qoldi. Biz doim futbolchilarga oxirigacha kurashish kerakligini uqtirib kelamiz. Oʻyindagi har bir daqiqa, har bir soniya biz uchun imkoniyat. Buning ortida futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi, ichki xarakteri va ruhiy bardoshi turibdi. Undan tashqari oʻyin oxirida gol urish bu faqat kuch bilan bogʻliq emas balki futbolchilarning irodasi ham. Qolganlar charchaganda, bizda hali kuch qolgan boʻlishi bu murabbiylar shtabi va tibbiy guruhning ham katta mehnatidir. Lekin men oʻyinlarimizni erta hal qilishimizni istardim. Kambek qilish yaxshi, ammo raqibga imkon bermaslik bundan ham muhimroq.