O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasining futzal yo‘nalishi rahbariyati bilan uchrashdi
Bugun, 21-oktabr kuni O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov xizmat safari bilan Ispaniyaga tashrif buyurib, Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasining futzal yo‘nalishi rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasining futzal departamenti rahbari, mamlakat terma jamoasining sobiq darvozaboni Paco Sedano, Ispaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fede Vidal hamda boshqa rasmiylar O‘zbekiston delegatsiyasini Ispaniyadagi futbol va futzal infratuzilmasi, mutaxassislar faoliyati, shuningdek, sportchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Muzokaralarda ikki federatsiya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, tajriba almashish va istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi, ayni paytda Ispaniyada davolanish jarayonini davom ettirayotgan Xose Mariya Mendes — Pulpis ham ishtirok etdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ikkita muhim yo‘nalish bo‘yicha kelishuvga erishdi:
O‘zbekiston milliy terma jamoalari murabbiylari uchun Ispaniyada malaka oshirish va amaliyot o‘tash imkoniyatlarini yaratish;
2027-yilda O‘zbekiston va Ispaniya milliy futzal terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvini tashkil etish.
🇺🇿Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Ispaniya futzal tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xalqaro tajribani yurtimiz futzaliga keng tatbiq etish hamda mutaxassislarimizning professional salohiyatini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.