Nega «Oltin to‘p — 2026» Harri Keynga topshirilishi kerak?
«Bavariya» va Angliya terma jamoasi hujumchisi Harri Keyn uchun o‘tgan mavsum gol urish borasida faoliyatidagi eng sermahsul davr bo‘ldi. Shuningdek, u bir nechta sovrinni qo‘lga kiritdi va «Oltin butsа» sohibi bo‘ldi. Quyida nima uchun Keyn 2026-yilda «Oltin to‘p»ga loyiq ekanini tahlil qilamiz.
Orzudagi mavsum
Albatta, «Oltin to‘p» individual sovrin hisoblanadi. Biroq u har doim ham futbolchining shaxsiy o‘yini uchungina berilavermaydi. Ovoz berish natijalariga ko‘p jihatdan jamoaviy yutuqlar, ayniqsa, yirik xalqaro musobaqalar o‘tkaziladigan yillardagi natijalar ta’sir ko‘rsatadi.
Jahon chempionati yakunlanganidan keyin Chempionlar ligasida Xvicha Kvaratsxeliya ko‘rsatgan ajoyib o‘yinni eslaydiganlar kamayadi, Kilian Mbappening yevrokuboklardagi sermahsulligi haqidagi gap-so‘zlar ham biroz susayadi. Ayni paytda «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlar qatorida Jahon chempionati sovrindorlari — Harri Keyn va Lamin Yamal tilga olinmoqda.
Xo‘sh, nega aynan Keyn bu yilgi sovrinni qo‘lga kiritishi kerak?
Bunga asosiy sabablardan biri — hujumchining 2025/26-yilgi mavsumda «Bavariya» va Angliya terma jamoasi safida jami 73 ta gol urganidir. Bu futbol tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natija hisoblanadi. Faqat Lionel Messi 2011/12-yilgi mavsumda 82 ta gol urib, bundan yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.
«Oltin to‘p» sovrinining individual jihatlariga ko‘proq e’tibor qaratish vaqti keldi. Gollar soni esa futbolchining shaxsiy mahoratini baholashdagi eng muhim mezonlardan biridir. Zero, Keyn nafaqat Germaniya chempionatida, balki Chempionlar ligasi va Jahon chempionatida ham muntazam ravishda raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.
Jamoaviy yutuqlar haqida gap ketganda, angliyalik hujumchi «Bavariya» bilan Germaniya chempioni bo‘lgani va mamlakat kubogini qo‘lga kiritganini ham ta’kidlash lozim. Bundan tashqari, u Angliya terma jamoasi bilan Jahon chempionatining bronza medallariga ega chiqdi. Bronza medali uchun kechgan bahsda inglizlar Fransiya ustidan g‘alaba qozonishdi.
Bundesliga darajasiga shubha bilan qarash mumkin, ammo bu musobaqadagi natijalarni ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. O‘tgan chempionatda Keyn 36 ta gol urdi. Yevropaning kuchli beshligiga kiruvchi chempionatlarda bundan ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lmadi. Hatto Erling Holand va Kilian Mbappe ham undan o‘zib keta olmadi.
Qolaversa, Germaniya chempionati to‘purarlar poygasida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan Deniz Undav hamda Seru Girassi jami Keynning o‘zi urgan gollar soniga teng natija qayd etishdi.
Keyn Chempionlar ligasida ham 14 ta gol urdi. Undan ko‘proq gol faqat Mbappe hisobida — 15 ta. E’tiborlisi, angliyalik hujumchi o‘zi ishtirok etgan pley-off bosqichidagi barcha uchrashuvlarda raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Bu jumladan, «Real» va «PSJ»ga qarshi o‘tkazilgan har ikki o‘yinga ham taalluqli.
Keyn — shunchaki gol mashinasi emas
Ko‘plab gollar urishiga qaramay, Keynni faqat raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun maydonga tushadigan hujumchi deb bo‘lmaydi. So‘nggi bir necha yil davomida u o‘z o‘yinini ancha takomillashtirdi, a’lo darajadagi pleymeykerga aylandi va jamoa harakatlariga ta’sirini kuchaytirdi.
Hujumchi muntazam ravishda orqaga chekinib, to‘pni nazorat qilish va hujumlarni boshlashda ishtirok etadi. Shuningdek, u sheriklari uchun bo‘sh hududlar yaratib, ularga vaziyatlar tashkil etish va ularni golga aylantirishda yordam beradi.
Aynan mana shu ko‘p qirralilik Keynni an’anaviy markaziy hujumchilardan ajratib turadi.
Birinchi sabab — mavsumning eng yaxshi futbolchisi
Kilian Mbappe o‘zini qanchalik ko‘p targ‘ib qilmasin, o‘tgan mavsumda fransuz hujumchisi Keyndan ustun ekanini isbotlay olmadi. «Bavariya» forvardi ko‘proq gol urdi va o‘z jamoasi o‘yiniga Mbappe yoki Yamalga qaraganda sezilarli darajada kattaroq ta’sir ko‘rsatdi.
Ikkinchi sabab — jamoaviy yutuqlar
Bu borada ham Keyn o‘zining asosiy raqiblaridan ustun. «Bavariya» Germaniya chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Yamal o‘ynaydigan «Barselona» Ispaniya chempioni bo‘ldi, «Real» esa mavsumni birorta ham sovrinsiz yakunladi.