Muhriddin Zoirov: \"Bu yil 'Lokomotiv'ga qarshi hamma jamoa boshqacha 'nastroya' bilan tushadi\"
Toshkentning "Lokomotiv" klubi mavsumni ikkita g'alaba bilan boshladi. Pro liga 1-turida jamoa "Olimpik" ustidan 3:2 hisobida g'alabaga erishdi. Mamlakat kubogi guruh bosqichi 1-turida "temiryo'lchilar" "Namangan FA"ni qabul qilishdi va 6:1 hisobida yirik g'alabani tantana qilishdi. Mazkur ikki bahsda "Lokomotiv" klubining yangi hujumchisi Muhriddin Zoirov ikkita gol urishga muvaffaq bo'ldi. Biz "Namangan FA" bilan o'yindan keyin hujumchi bilan suhbatlashdik.
– Qishda "Sho'rton"ni tark etib, Toshkentning "Lokomotiv" klubiga ko'chib o'tdingiz. "Temiryo'lchilar" sizni qanday kutib olishdi?
– Ajoyib. Meni ajoyib kutib olishdi. Jamoa bilan xorij yig'inida ishtirok etdim va futbolchilar bilan tezda chiqishib ketdim. Rahbariyat ham, murabbiylar shtabi ham meni iliq kutib oldi.
– "Lokomotiv" Pro liga 1-turida "Olimpik"ka qarshi juda og'ir bahs o'tkazdi va 3:2 hisobida qiyin g'alabaga erishdi. Tarkibi butkul yangilangan yosh "Olimpik"dan shunday qarshilik kutganmidingiz?
– To'g'risini aytaman, shunday qarshilik bo'lishini kutgandik. Sababi "Lokomotiv"ga qarshi barcha klublar bor kuchi bilan o'ynaydi. Bu yilgi Pro ligada oson o'yinlar bo'lmaydi deb o'ylayman.
– Pro ligada bu mavsum "Lokomotiv"ga raqobatchi klub yo'qdek. Bunday holatda o'yinlarga motivatsiya qanday topiladi?
– Yuqorida ham aytdim, "Lokomotiv"ga qarshi hamma jamoa boshqacha "nastroya" bilan tushadi. Mavsum oxirigacha kurash kechadi. Maqsadimiz Pro ligada birinchi o'rinni olib Superligaga chiqish. Nasib qilsa bunga erishamiz.
– Kecha, 8 aprel kuni O'zbekiston kubogi guruh bosqichi 1-turi doirasida "Namangan FA" yirik 6:1 hisobida taslim qilindi. Siz yangi klubingiz safida ketma-ket ikkita gol urdingiz...
– Barchasi yaratgandan. Xudoga shukur ikkita uchrashuvda zaxiradan tushib bo'lsa ham gollar urishga erishdim. Bundan albatta xursandman, hujumchi maydonga gol urish uchun tushadi. O'z o'rnida "Lokomotiv" klubi murabbiylariga menga ishonch bildirishayotgani uchun rahmat aytaman.
– Yoshlikda qaysi hujumchining o'yinlariga havas qilgansiz?
– Kichkinalimdan shved Zlatan Ibrahimovichning o'yinlarini maza qilib tomosha qilganman. Uning nostandart harakatlari uncha-muncha futbolchida yo'q.