Maksim Shatskix: Oldingi uchrashuvdagi xatolar taktik xato emas, balki texnik xato edi
“Andijon” OCHL 2 doirasida Bahraynning “Al-Xaldiya” jamoasini qabul qiladi.
“Bobur arena” stadionida uchrashuv oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda burgutlar ustozi Maksim Shatskix fikr bildirdi.
" “Xayrli kech. Ertangi oʻyin haqida gapiradigan boʻlsam, shuni ayta olamanki, biz ertangi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik koʻrdik. Raqibni tahlil qilganimizda bu jamoani guruhimizdagi jamoalar ichida, oʻtgan safargi raqibimiz - Qatar klubidan kuchliroq deb ayta olaman. Oʻyin tashkil etish jihatidan ham yaxshi jamoa. Jismonan baquvvat futbolchilariga ega va tezkor jamoa. Umid qilamanki, ertaga biz oʻzimizga kerakli boʻlgan natijani qoʻlga kiritamiz. Raqibni uslubi va kuchidan kelib chiqib uchrashuvga tayyorgarlik koʻrdik. Umid qilaman, ertaga muxlislarimiz oldida yaxshi natija koʻrsatamiz”.
Har bir mashgʻulotda aynan himoya chizig'iga eʼtibor beramiz. Xato qilmaslikka harakat qilamiz. Oldingi uchrashuvdagi xatolar taktik xato emas, balki texnik xato edi. Barchamiz insonmiz va barchamizda shunaqa xatolar boʻladi. Mashgʻulotlar davomida shuning ustida ishladik. Oʻylaymanki, ertaga oldingi oʻyinda qilgan xatolarimizni qilmaymiz.
Ismoil Akinade har kuni maydonga qaytish uchun mashgʻulotlarda ter toʻkib ishlamoqda. Ertaga u asosiy tarkibda maydonga tushadimi yoki zaxiradami, ayta olmayman. Qolaversa, ertangi uchrashuvda “Bobur arena”ga koʻplab muxlislarimiz kelishlarini kutamiz. Chunki ularning qoʻllab-quvvatlashlari bizga kerak",-dedi mutaxassis.