locale OZ

Ali Ashur: Andijon jamoasini juda yaxshi tahlil qildik

Al-Xaldiya bosh murabbiyi Andijon bilan o'yindan oldin fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Ali Ashur: Andijon jamoasini juda yaxshi tahlil qildik
photo: Andijon fk
Osiyo Chempionlar Ligasi 2
22.10.2025, Yak.
Andijon
0
Al Khalidiyah
0

“Andijon” - “Al-Xaldiya” uchrashuvi oldidan bugun “Bobur arena”da matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Uning ikkinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Ali Ashur fikr bildirdi.

“Dastlab Andijon ahliga minnatdorchiligimni bildiraman. Aeroportdan kutib olishdan boshlab bizni joylashtirish, umuman, stadiondagi sharoitlar barchasi aʼlo darajada. Bizni yaxshi kutib olishdi. Bundan juda ham xursandman. Xususan, Oʻzbekistonga va Andijondek ajoyib shaharga kelganimzdan xursandmiz. Bemalol ayta olamanki, ular Bahraynga borganida bizni qanday kutib olishgan boʻlsa, biz ularn undan ortigʻi bilan kutib olishga harakat qilamiz.

Ertaga juda qiyin raqibga qarshi oʻynaymiz. Bizni jiddiy uchrashuv kutib turibdi, deb ayta olaman. Yaxshi murabbiy va yaxshi futbolchilar bor. Bu jamoa ikkita uchrashuvdan beri hali gol oʻtkazmasdan kelmoqda. Maydonda futbolchilar ajoyib oʻyin koʻrsatishdi. Lekin biz ham Bahrayndagi ikkita oʻyindan keyin yaxshi natija koʻrsatdik.

Ertaga ham mana shunday yaxshi natija koʻrsatishga harakat qilamiz. Futbolchilarimiz ham uchrashuvni intiqlik bilan kutishmoqda va ertaga maydonga tushishni istashmoqda. Ertaga borimizni berib, eng yaxshi oʻyinimizni koʻrsatib, ijobiy natija bilan qaytishni reja qilyapmiz.

Bilsangiz agar, “Al-Xaldiya” Bahraynning kuchli klublaridan biri. Oʻz tarixiga ega. Har doim hujumkor futbol namoyish etib kelganmiz. Men ham murabbiy sifatida aynan hujumkor futbolni yaxshi koʻraman. Mehmon yoki uyda oʻynaganimizda ham shunga harakat qilamiz. Lekin uy va mehmon oʻrtasidagi oʻyinlarda farq boʻladi. Chunki biz koʻproq toʻpga egalik qilishni istaymiz. Toʻp bilan yaxshi oʻynashni xohlaymiz. Agressivroq boʻlishga harakat qilamiz.

Biroq har doim ham bu narsa oʻxshamasligi mumkin. Chunki raqibga ham bogʻliq. Misol uchun, ertaga “Andijon”ga qarshi uchrashuvda balki boshqacharoq oʻyin koʻrsatarmiz. Boisi, “Andijon” ham hujumkorroq oʻyin koʻrsatadi. Ularning oxirgi ikkita uchrashuvini koʻrdik. “Arkadag” va “Al-Ahli”ga qarshi bahslarda golli vaziyatlar yaratishgan. Ertaga maydonda koʻramiz. Murabbiy sifatida men doim hujumkor futbol tarafdori boʻlganman.

Osiyo Chempionlar ligasidagi ikkita oʻyinini kuzatdik. Qolaversa, milliy chempionatdagi uchrashuvlarini ham kuzatib bormoqdamiz. Jamoani nechta gol urib, nechta gol oʻtkazganini ham bilamiz. “Andijon”dagi futbolchilarni bemalol aytishim mumkin. Masalan, qirgʻizistonlik darvozabon, 8-, 3-, 26-, 18-raqamdagi jamoa sardori, qolaversa, 22-raqamdagi futbolchisi bizda yaxshi taassurot qoldirdi. Tezkor, har doim raqib jarima maydonchasi ichida yuradi.

“Andijon”ni juda yaxshi tahlil qildik. Har taraflama oʻrganib chiqdik. Qaysi chiziqda qaysi oʻyinchisi qanaqa oʻynashlarigacha bilamiz. Kim bosh bilan yaxshi oʻynaydi, kim himoyada yaxshiroq toʻp suradi, aytyapmanki, ertaga bizni juda ogʻir uchrashuv kutib turibdi. Milliy chempionat bilan xalqaro oʻyinni farqi boʻladi. “Andijon” ertaga bizga albatta bosh ogʻrigʻi boʻlishini bilaman.

Xissiyotlarga berilishim - bu murabbiylikdagi odatim. Hammada boʻladi. Meni odatim shunaqa. Menimcha, koʻp murabbiylarda shunday boʻladi. Sababi, oʻyin paytida futbolchilarga koʻrsatmalar beramiz, asabiylashamiz. Lekin odatda, futbolchilar bilan suhbatlashganimda ularga pozitivlik ulashishga harakat qilaman. Bularni barchasini futbolni bir qismi deb ayta olaman.

Bizga bunday holat begona emas. OCHLda ikkinchi yil ishtirok etayotgan boʻlsak-da, katta muhitlarda toʻp surganmiz. 40 ming muxlis qarshisida oʻynadik, Eronda 70 ming ishqiboz keldi. Shu bois biz tayyormiz. Ertangi oʻyinga kelsak, biz ham juda yaxshi muhitni kutyapmiz. “Andijon” muxlislarini oʻz jamoasini qanday qoʻllab-quvvatlashlarini bilamiz. Bunga tayryomiz. Umid qilamanki, ular bizning ham, “Andijon”ning ham oʻyinidan zavq olishadi",-dedi mutaassis.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting